Asosiy menu

Imtiyoz va imkoniyatlar samarasi

Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar fermerlik harakatini yetakchi kuchga aylantirish, qishloqqa sanoatni olib kirish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, eng muhimi, aholi turmush farovonligini yuksaltirishdek olijanob maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi xorijliklarning yurtimizda yetishtirilayotgan tolaga qiziqishini oshirib, biz, fermerlarni yanada ko‘proq izlanishga, mahsulot sifatini muttasil oshirib borishga undamoqda. Bu jarayonda nav tanlash, g‘o‘za parvarishi va hosilni yig‘ib-terib olishda fermerlarga har tomonlama ko‘mak berilayotgani, mehnatimiz munosib rag‘batlantirilayotgani yutuqlar omili bo‘lmoqda. Bir paytlar paxtachilikdagi yutuqlar raqamlar bilan belgilangan bo‘lsa, bugun olingan sof foyda bilan o‘lchanayotir. Mustaqillikdan ilgari paxtaning o‘zi qimmatbaho xomashyo sifatida “oq oltin” deb, madh etilsa-da, paxtakorning mehnati qadrlanmas, turmushi qanday bo‘layotgani haqida umuman o‘ylanmas edi. Dehqonlarimizning yil-o‘n ikki oy daladan beri kelmay yetishtirgan xomashyosi yurtimizdan olis o‘lkalarga tashib ketilar, tayyor mahsulot sifatida o‘zimizga bir necha barobar qimmatiga qaytarilar edi. Endi u mamlakatimizda qayta ishlanib, raqobatbardosh, sifatli va arzon mahsulotlar tayorlanayotganidan faxrlanamiz.

Er-mulk egasi, fermer sifatida mustaqil ish boshlaganimizga 26-yil to‘ldi. Dastlabki yillarda chigit ekish, g‘o‘zaga ishlov berish, yig‘ib olingan hosilni qabul punktlariga yetkazib berishda qiynalganmiz. Chunki texnikamiz yo‘q edi. Mineral o‘g‘it, yoqilg‘i ta’minotida ham muammolar ko‘p edi. Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Paxta va g‘alla yetishtirish bilan cheklanib qolmasdan, chorvachilikni ham yo‘lga qo‘ydik.

Ixcham uskunalar yordamida avval turli oziq-ovqat ekinlari qadoqlash, keyinchalik sut va go‘shtni qayta ishlashni o‘zlashtirdik. Olingan daromad hisobidan zarur texnikalar xarid qildik. Prezidentimizning oqilona siyosati qaddimizni tiklab, fermerlik harakatining afzalliklarini keng namoyon etishda katta dalda bo‘ldi. Fermerlik harakatiga qo‘shilgan ilk yillarda uch gektar yerda ishlagan bo‘lsak, hozir uch yuz gektarga yaqin ekin maydonida g‘alla va paxta yetishtirayapmiz. Yerni haydash, tekislash, kultivatsiya qilish, hosilni tashish uchun texnikalarimiz yetarli. Tijorat bankining imtiyozli kredit mablag‘idan foydalanib, zamonaviy xorij texnologiyasi yordamida go‘sht va sutni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etdik. Yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan ruhlanib, o‘z mablag‘imizdan umumta’lim maktabi, bolalar sporti inshooti, yosh oilalar uchun turar-joy binolari va boshqa ijtimoiy obyektlar qurish, qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga ham hissa qo‘shmoqdamiz. Bundan faxrlanamiz.

An’anaviy o‘tkazilayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida ishtirok etib Prezidentimiz sovrini “Matiz” avtomashinasi bilan taqdirlandim. Boshim ko‘kka yetdi. Axir sobiq tuzum davrida umrini dalaga bag‘ishlagan mendek oddiy dehqonning bunday g‘amxo‘rliklardan bahramand bo‘lishini tasavvur qilishning o‘zi qiyin edi-da.

Endilikda fermerlarning shaharnikidan qolishmaydigan namunaviy uylarga buyurtma berib, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni xarid qilayotgani ham, jahon bozorida paxtamizning nufuzi yildan-yilga oshib, xorijlik mutaxassislar, ekspert va qayta ishlash korxonalari qiziqishi kuchayib borayotgani ham ko‘rsatilayotgan ana shunday e’tibor va yaratilayotgan imtiyozlar samarasidir.

Fermerlar va seleksioner olimlarning hamkorligi g‘o‘za navlarini tanlash, jahon bozorida raqobatbardosh, sifatli tola yetishtirishga xizmat qilmoqda. Ikki yildan buyon g‘o‘zaning “Sulton” navini parvarishlab, mo‘l hosil olmoqdamiz. Bu nav tolasining sifati, hosildorligi, mahalliy iqlimga mos va ertapisharligi, sanoatbop hamda kasallikka chidamliligi, chanog‘ining boshqa g‘o‘za navlariga nisbatan og‘irligi-yu, chigitining yirikligi bilan ajralib turadi. O‘tgan yili har gektar maydondan 40 sentnerdan hosil olgan bo‘lsak, bu yil hosildorlikni 45 sentnerga yetkazdik. Hozirgacha davlat qabul punktlariga qariyb besh yuz tonna sifatli xomashyo topshirdik. Shu kunlarda yig‘im-terim ishlarini yakunlash arafasidamiz.

Kuz faslida bepoyon kengliklarni oppoq nurga burkaydigan paxtamizni tinch va obod yurtimizning musaffo osmoniga o‘xshataman. Shu bois, uni mehr bilan parvarishlab, ulkan xirmonlar yaratamiz. Xo‘jaligimiz ishchilari o‘zlarining mashaqqatli mehnati ana shu xirmonga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi, yurtimizning yildan-yilga obod bo‘lib, xalqimiz turmush farovonligining yanada yuksalishiga xizmat qilishidan faxr-iftixor tuyadi. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida insonni ulug‘lash, uning mehnatini qadrlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

UzA.