Asosiy menu

Qish dasturxoni to‘kin bo‘ladi

Prezidentimiz rahnamoligida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qish va bahor mavsumi uchun zaxiraga g‘amlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2015-2016-yil qish-bahor mavsumi uchun 37 ming 768 tonna asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxiraga g‘amlab qo‘yildi. Bu muhim vazifa tayyorlov korxonalari tomonidan 1 ming 90 fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirildi. Buning uchun ularga tijorat banklari tomonidan 360 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari hamda 701 million so‘m naqd pul berildi.

Qish va bahor oylarida bozorlarimiz to‘kinligi va dasturxonlarimiz mo‘l-ko‘lligini ta’minlash maqsadida Ellikqal’a tumanida ham poliz va meva-sabzavot mahsulotlarini jamg‘arish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Tumanda 2 ming 839 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish rejalashtirilgan, shu kunga qadar 2 ming 560 tonna zaxira jamlandi. Ularning 350 tonnasi zamonaviy muzlatgichlarda, 113 tonnasi ijtimoiy tarmoqlarning oziq-ovqat omborxonalari va 127 fermer xo‘jaligi hamda savdo korxonalarining maxsus qo‘yilma joylarida saqlanmoqda.

Tumandagi “Odamboy-Salavat” fermer xo‘jaligida yetishtirilgan 120 tonna olma, 30 tonna nashvati, 20 tonna uzum, 30 tonna poliz mahsuloti, 10 tonna kartoshka joriy yilda qurib bitkazilgan muzlatgichda sifatli saqlanmoqda.

– Asosan bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli xo‘jaligimizda bu yil mo‘l hosil yetishtirildi, – deydi “Odamboy-Salavat” fermer xo‘jaligi rahbari Salavat Otaboyev. – Qish mavsumiga darmondoriga boy olma, behi, uzum, shuningdek, poliz va sabzavot mahsulotlari hamda kartoshka g‘amlab qo‘ydik. Maqsadimiz hamyurtlarimiz dasturxonini qishda ham arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash.

Xo‘jalikda bu yil 46 gektar maydonda intensiv bog‘ yaratilgan. Xo‘jalik dalasida yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlaydigan zamonaviy konserva sexi hamda 300 tonna sig‘imga ega muzlatgich qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Erta bahordan ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan konserva sexida 20 nafar yosh ish bilan ta’minlanadi.

Ayni paytda xo‘jalikda kuzgi bog‘ parvarishi jadal olib borilmoqda. Agrotexnika qoidalari asosida daraxtlarga shakl berilib, tagi yumshatilmoqda, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirilmoqda. Bu kelgusi yil hosili uchun puxta zamin yaratadi.

UzA