Asosiy menu

Fermer tadbirkor bo‘lsa...

Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 36-moddasidan.

Bugungi fermer omilkor. Kam xarajat qilib, ko‘p daromad olishga intiladi. Yangicha qarash, davlatimiz rahbari Islom Karimov iborasi bilan aytganda, Vatanimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirishga xizmat qilishi muqarrar.

Kecha kichik xo‘jalik egasi bo‘lgan fermer bugun yirik va sertarmoq xo‘jalik sohibi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uzoq muddatga ijaraga berilgan yer va suvdan samarali foydalanmoqda.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Toshpo‘latov Bahodir Jo‘raniyozovich” fermer xo‘jaligi ham zamon bilan hamnafas faoliyat yuritmoqda. 2005-yilda sobiq shirkatga qarashli tashlandiq chorvachilik fermasida tashkil etilgan xo‘jalik bugun havas qilgudek yutuqlarga erishmoqda.

– Chamalab ko‘rsam, avvalo, xo‘jalik uchun ajratilgan yerning meliorativ holatini yaxshilash zarur ekan, – deydi fermer B.Toshpo‘latov. – Shu maqsadda qariyb 10 million so‘mlik meliorativ ishlarni amalga oshirib, dala atrofidagi 1200 metrlik yopiq zovurni tozaladik. Natijada foydalanishga yaroqsiz holga kelgan yerlarning unumdorligi oshib, hozir 150 tonnagacha chorva ozuqasi tayyorlanmoqda.

Ayni vaqtda xo‘jalikda 124 bosh qoramol parvarishlanmoqda. Yo‘ng‘ichqa, makkajo‘xori, arpa kabi ozuqa ekinlari, qariyb 50 gektarda paxta, g‘alla yetishtirilmoqda. Bog‘ va issiqxona ham yaxshigina daromad keltirmoqda.

Naslchilikni yaxshilash maqsadida 2006-yilda Polshadan yuqori mahsuldor qoramollar keltirildi va yil oxirida buzoqlar olindi. Zotdor mollarni sharoitga moslashtirish, ularni talafotsiz saqlash va olinadigan mahsulot miqdorini ko‘paytirishda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining olimlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik qo‘l keldi. Samaradorlik yuqoriligi bois joriy yilda yana 33 bosh chorva olib kelindi.

Xo‘jalikda chorva mollari go‘sht va sut yo‘nalishida alohida parvarishlanmoqda. Misol uchun, nasldor sigirlarning tirik vazni 700-750 kilogramm bo‘lib, ulardan kuniga 31 litrgacha sut olinmoqda. Go‘sht uchun boqilayotgan qoramollar tirik vazni 800 kilogrammgacha yetmoqda. Xo‘jalikda naslchilik borasida erishilgan bir qator yutuqlar alohida e’tirof etilgani bois mulkdorga qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi ilmiy darajasi berildi.

Mahsulot yetishtirish bilan birga uni qayta ishlash ham yaxshi foyda keltirishini anglagan fermer “O‘zekspomarkaz”da o‘tkazilgan minitexnologiyalar va uskunalar ko‘rgazmasida ishtirok etib, “ETsM-80” sutni qayta ishlash uskunasini xarid qildi. Qaymoq, kefir, brinza, muzqaymoq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy texnologiya asosida 5 turdagi go‘sht mahsuloti ishlab chiqarilmoqda.

O‘tgan o‘n yilda xo‘jalik yaxshigina daromad ko‘rdi. MTZ-80, MTZ-82 rusumli haydov traktorlari, o‘rim agregati, o‘g‘it sepish, zararkunandalarga qarshi dori sepish uskunalari, “Damas” avtomobili tinimsiz mehnatlar mahsuli. Quvonarlisi, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan oshno bo‘lgan fermer ishlab chiqarayotgan go‘sht va sut mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, raqobatbardosh, ekologik toza mahsulotlarni namoyish qilish uchun veb-saytini ishga tushirgan.

Bularning bari fermerning el dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shishiga zamin yaratmoqda. Bu Konstitutsiyamizda belgilangan huquqiy kafolatlar hayotda o‘zining yorqin ifodasini topayotganidan dalolatdir.

UzA