Asosiy menu

Bayram yuqori saviyada nishonlanadi

Mamlakatimizda yangi yilni katta shod-xurramlik, ahillik va hamjihatlikda kutib olish, joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondidan ma’lum qilishlaricha, Yangi yil bayramini yuqori saviyada, tinch-osoyishta va tartibli o‘tkazish barcha fuqarolarning vazifasi ekanligi va ushbu bayramni ko‘tarinki kayfiyatda nishonlashga doir tavsiyalar joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda aholiga keng tushuntirilmoqda.

Bu borada fondning hududiy bo‘linmalari tomonidan ishchi guruhlari tuzilib, zarur chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Bayram munosabati bilan shahar va qishloqlarda, mahallalarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bayram tadbirlari davomida mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligining oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ichki ishlar idoralari bilan birgalikda aholi o‘rtasida “O‘z uyingni o‘zing asra!”, “Ogohlik – davr talabi”, “Yurt tinchligiga barchamiz mas’ulmiz” shiorlari ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi va Ichki ishlar vazirligining hamkorlikdagi faoliyati yanada kengaymoqda. Jumladan, fuqarolar yig‘inlari raislari, profilaktika inspektorlari, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi a’zolari va jamoatchilikni jalb qilgan holda mahallalarda «Hushyorlik guruhlari» tashkil etilgan. Ayni paytda mazkur guruhlar ishini tashkil etish maqsadida mahallalar va profilaktika inspektorlarining hududda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga oid vazifalari yuzasidan chora-tadbirlar belgilangan.

– Mahallada tinchlik va osoyishtalik, xavfsizlikni ta’minlashga doir ishlar qamrovi kengligi bilan ahamiyatlidir, – deydi poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi «Mustaqillikning 10-yilligi» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohista Alimova. – Hududimizda 18 ko‘p qavatli uy, 1271 xonadon mavjud. Yangi yilni osoyishtalik, hamjihatlikda kutib olish uchun uy atroflari va yo‘laklar tozalanib, obodonlashtirilmoqda.

Mahallada aholini hushyorlik va ogohlikka undash, turli illatlar, odam savdosining oldini olishga qaratilgan uchrashuv va muloqotlar muntazam tashkil etilayotir. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka yo‘l qo‘ymaslik, keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, bemorlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish kabi xayrli ishlarda mahalladoshlar faol ishtirok etmoqda.

«Mahalla» xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar hamkorligida Toshkent shahridagi barcha dehqon bozorlari hamda Yangi yil tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bozorlar, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlarida bayramni munosib kutib olishni targ‘ib qiluvchi stendlar va boshqa bezash ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi yil bayrami kunlari «Mahalla» xayriya jamoat fondi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan kam ta’minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar va yolg‘iz keksalarga, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, “Muruvvat”, “Saxovat” uylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

Bular mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, xalqimiz Yangi yil ayyomini ko‘tarinki ruhda kutib olish borasida ko‘rilayotgan ishlarning amaliy ifodasidir.

UzA