Asosiy menu

Xizmat ko‘rsatish takomillashmoqda

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida tuman va shahar hokimliklari huzurida tashkil etilayotgan “Yagona darcha” markazlari 2016-yilning 1-yanvaridan e’tiboran faoliyat boshlaydi.

Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan “Yagona darcha” davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari faoliyatining tartib-tamoyillarini tushuntirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminarda bu alohida ta’kidlandi.

– “Yagona darcha” markazlari tegishli tartibda jihozlandi, malakali mutaxassislar bilan ta’minlandi, – deydi Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Safar Tog‘ayev. – Markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Seminarda “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarining o‘rni”, “Davlat kadastri korxonalari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi”, “Arxitektura va qurilish idoralari tomonidan ruxsat etish xarakteridagi hujjatlarni rasmiylashtirish”, “Tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari”, “Elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha ruxsatnomalar berish tartibi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Ishtirokchilar Qarshi shahar hokimligi huzurida tashkil etilgan “Yagona darcha” markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

UzA