Asosiy menu

Mamlakatimiz tinchligi va barqarorligining mustahkam qalqoni

“Turkiston” saroyida 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 24-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimni Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 24-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Q.Berdiyev o‘qib eshittirdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz tinchligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir, zamonaviy, har tomonlama yaxshi qurollangan milliy armiyamizni tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 1991-yil 6-sentabrdagi Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar poydevori bo‘ldi. Keyinchalik Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Mudofaa ishlari vazirligi Mudofaa vazirligiga aylantirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 1992-yil 14-yanvarda mamlakatimiz parlamentining «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga egadir. Shu kundan e’tiboran mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va muassasalar O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan 1993-yil 29-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining qonuniga binoan 14-yanvar Vatan himoyachilari kuni, deb e’lon qilindi. Mazkur tarixiy hujjatga asosan Vatan himoyachilari kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda.

Qurolli Kuchlarimizni shakllantirish jarayonida eng dolzarb masalalardan biri – kadrlar masalasi edi. 1990-yilda mahalliy ofitserlar yurtimizdagi harbiy kadrlarning atigi 0,6 foizini tashkil etardi. Mazkur muammoni hal etish maqsadida harbiy ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi. Bir qator oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda harbiy xizmatga salohiyati baland, ahdi qat’iy, shijoatli, mard va jasur harbiy kadrlar tayyorlashga kirishildi.

Hozirgi kunda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtlari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultetida zamonaviy bilim va mutaxassisliklarga ega yetuk harbiy kadrlar tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida malakali ofitserlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, harbiy sohadagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, mamlakatimizda harbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2012-yili Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida tashkil etilgan harbiy-tibbiyot fakulteti intellektual salohiyatli, yuksak malakali tibbiy xizmat ofitserlari, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tarkibini tayyorlashga xizmat qilmoqda. Ushbu fakultet Qurolli Kuchlar tibbiy xodimlarining harbiy va kasb tayyorgarligi darajasini oshirish, ularni qayta tayyorlash, bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, harbiy-tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishni tashkil etish borasidagi asosiy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida Qurolli Kuchlarimiz uchun 30 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlanmoqda. Ofitser va serjant kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishning samarali tizimi yaratilgan bo‘lib, bular Serjantlar tayyorlash maktablari, oliy harbiy ta’lim muassasalari, malaka oshirish fakultetlari, Qurolli Kuchlar Akademiyasi huzuridagi ofitserlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish oliy kurslari va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasidir. Bu o‘quv maskanlari harbiy xizmatchilarga professional, nazariy va amaliy bilimlarini takomillashtirish, harbiy-jangovar faoliyatida tajriba va malakasini oshirish imkonini bermoqda.

Qurolli Kuchlarda amalga oshirilgan ulkan islohotlar natijasida milliy armiyamizning tashkiliy tuzilmalari butunlay qayta ko‘rib chiqildi, Qurolli Kuchlarni tezkor-strategik boshqarishning zamonaviy va samarali tizimi yaratildi. Qo‘shin turlarining o‘zaro harakatlanishini takomillashtirish, ularni zamonaviy texnika va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, jangovar va o‘quv tayyorgarlikning ma’no-mazmunini o‘zgartirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tubdan yaxshilandi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, armiyada xizmat qilish yoshlarimiz uchun alohida ma’no-mazmunga ega bo‘lib, uning nufuzi ortib bormoqda. Bunday xizmatning jozibadorligi faqat yaratib berilayotgan imtiyozlar va harbiy xizmatchilarning ijtimoiy va moddiy jihatdan yuqori darajada ta’minlangani bilangina bog‘liq emas, albatta. Bu, avvalambor, armiya yosh avlodimiz uchun haqiqatan ham mardlik va mustahkam irodani, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini, Vatanimizga sevgi va sadoqat hislarini tarbiyalaydigan hayot maktabiga aylangani bilan izohlanadi. Muxtasar aytganda, mustaqillik yillarida har tomonlama tayyorgarlikka ega va armiyada chiniqish maktabini o‘tagan, har qanday fursatda Vatan himoyasi uchun tayyor bo‘lgan butun bir avlod voyaga yetdi va mustahkam oyoqqa turdi, deb g‘urur va iftixor bilan ta’kidlashimiz mumkin.

Mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash, uy-joy bilan ta’minlash va maishiy sharoitini yanada yaxshilash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2015-yilda ham ko‘plab harbiy xizmatchilar o‘z uylariga ega bo‘ldi.

Bu yil Vatan himoyachilari kuni mamlakatimizda “Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!” shiori ostida nishonlanmoqda. Davlat va jamoat tashkilotlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan harbiy qism va bo‘linmalarda, barcha viloyatlarda, olis qishloq va mahallalarda uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularda xalqimiz yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni qadrlashi, bu aziz ne’matni asrab-avaylashga barcha o‘zini birdek daxldor sezishi – O‘zbekiston yagona Vatan, bir tanu bir jon ekani namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 12-yanvarda qabul qilingan farmoniga muvofiq, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhi faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Yig‘ilishda ularga Vatanimizning ana shu yuksak mukofotlari topshirildi.

– Vatanimizning yuksak mukofotiga munosib ko‘rilganimdan faxrlanaman, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism vzvodi komandiri, “Mardlik” ordeni sohibi, kapitan Ulug‘bek Abdullayev. – Biz, harbiylar davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligini his etib yashayapmiz. Bu bizga katta kuch va ma’naviy madad beradi.

«Eng ilg‘or oliy harbiy ta’lim muassasasi», «Eng ilg‘or Serjantlar tayyorlash maktabi», «Eng ilg‘or mudofaa ishlari boshqarmasi» tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, diplom va esdalik sovg‘alari bilanmukofotlandi.

Tadbirda “Jasorat” medali sohibi, mayor Islomiddin Norqobilov, “Mardlik” ordeni sohibi, kichik serjant Farhodjon Olimov, askar onasi Malika Bekenova, xalqaro toifadagi hakam, FIFA referisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Ravshan Ermatov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, shoira Enaxon Siddiqova va boshqalar Vatan himoyachilarini bayram bilan tabriklab, Prezidentimiz Islom Karimovga harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Tantanali marosimda taniqli san’atkorlar va yosh iste’dodlar ijrosida katta bayram konserti namoyish etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ishtirok etdi.

UzA