Asosiy menu

Imkoniyatlar izlanishga undaydi

Farg‘ona viloyatida 18 mingdan ortiq kichik biznes subyekti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili tijorat banklari tomonidan mazkur soha rivoji uchun 812 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Ishning ko‘zini bilgan tadbirkor bugun tinch o‘tirmaydi. Yangi biznes loyihalar ustida ishlaydi. Shunga yarasha daromad olishini, oilasi, ishchi-xodimlari farovonligi oshishi, pirovardida el-yurt ravnaqi yuksalishini yaxshi biladi. Buning uchun yurtimizda barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Farg‘ona shahridagi “Toj” xususiy korxonasida 30 dan ziyod turdagi maxsus liboslar tayyorlanib, ichki bozorga yetkazib berilmoqda. 2014-yilda “Qishloqqurilishbank” Farg‘ona viloyati filialining 100 million so‘mlik krediti evaziga faoliyat ko‘lamini kengaytirdi. Texnologik yangilash ishlari korxonada qo‘shimcha 20 yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini berdi.

– O‘tgan yili buyurtmachilarga 150 million so‘mlik mahsulot yetkazib berildi, – deydi korxona rahbari Gulchehra Oxunova. – Ayni paytda faoliyatimizni yanada kengaytirish maqsadida qo‘shimcha bino ta’mirlanib, kerakli jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Mazkur loyiha amalga oshgach, qo‘shimcha 50 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida oilaviy korxonalar soni tobora ko‘paymoqda.

Yozyovon tumanidan Mavjudaxon Qosimova tadbirkorlik faoliyatini boshlaganiga unchalik ko‘p bo‘lmadi.Qisqa vaqtda muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritgan tadbirkor bugungi kunda “Alijonov Ahmadillo” oilaviy korxonasi rahbari. Oilaviy korxonaning sifatli, bejirim, eng muhimi, mahalliy iqlim sharoitiga mos maxsus ishchi kiyimlari, sport va ayollar liboslari bozorda allaqachon o‘z xaridorini topgan.

– O‘ndan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxonamizda asosan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishlamoqda, – deydi M.Qosimova. – Chevar qizlarimiz tomonidan bozorga sifatli hamda arzon mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Mahsulotlarimizga buyurtmalar ortib, hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani sababli milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirishga harakat qilmoqdamiz.

UzA