Asosiy menu

Bayram dasturxoniga tansiq taomlar

Bayramlar arafasida mamlakatimiz bozorlarida savdo yarmarkalari tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan. Bahorning ilk kunlarida ochilgan shunday yarmarkalar Navro‘z dasturxoniga fayz bag‘ishlamoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida agrar tarmoqda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilgani samarasida meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va chorvachilik izchil rivojlanmoqda. O‘tgan yili yurtimizda 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum, 2 million 731 ming tonna meva yetishtirildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 230 korxona, 77 ming 800 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 114 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi. Bu yil davomida aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash imkonini bermoqda.

Bunday to‘kinlik va arzonchilik poytaxtimizning “Eski jo‘va” dehqon bozoridagi bayram yarmarkasida namoyon. Unda yurtimizda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar xaridorlarga taqdim etilayotir. “Samarqand parranda”, “Yangiyo‘l sut”, “Braibonti” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Tutzor-non” xususiy firmasi, “To‘xtaniyoz ota” fermer xo‘jaligi kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilar sarxil mahsulotlari bilan bozor fayzini yanada oshirmoqda.

– Maqsadimiz mahsulotlarimizni xalqimizga arzon va sifatli tarzda yetkazib berish, – deydi Chilonzor tumanidagi “Braibonti” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili Alisher Karimov. – Zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan o‘n ikki xildagi makaronlarimiz ko‘pchilikka manzur bo‘layotgani bois savdomiz yaxshi.

– Bozorlarimizda sarxil meva-sabzavotlarni arzon narxlarda, saralab xarid qilish imkoniyati mavjud, – deydi shayxontohurlik xaridor Hojimurod Alimuhamedov. – Bayram yarmarkasidan sut mahsulotlari, meva-cheva xarid qildim. Mahsulotlar sifatli, narxi ham arzon. Bularning barchasi bayramning fayzli o‘tishiga xizmat qiladi.

Bayram yarmarkasidagi mahsulotlar orasida sumalak ham borligi ko‘pchilikning diqqatini tormoqda.

– Birinchi martdan buyon el dasturxoniga sumalak taqdim etayotirmiz, – deydi xususiy tadbirkor Siroj Bahronov. – Bilasiz, sumalak tayyorlash oson emas. Yana ko‘p miqdorda. Bozor ma’muriyati kerakli sharoitlarni yaratib bergani bois, ishchilarimiz totli sumalak tayyorlab, aholiga taqdim etmoqda. Undirilgan bug‘doy maysalariga ham xaridor ko‘p.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar dehqon bozorlarini tartibga solish, sanitariya holatini yaxshilash, asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxini barqaror saqlashni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi asosida tashkil etilgan ushbu yarmarkalar 5-aprelga qadar davom etadi.


UzA