Asosiy menu

Mahalliy mahsulot hajmi ortmoqda

Mamlakatimizda sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo, korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar bermoqda.

Prezidentimizning 2015-yil 11-fevraldagi “2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni Mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Navoiy viloyatida istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatda Mahalliylashtirish dasturi asosida 50 loyiha bo‘yicha tayyor mahsulot, materiallar, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarish o‘zlashtirilishi samarasida yo‘l qurilishi, kimyo va kon sanoati, energetika tizimi uchun zarur ko‘plab xomashyo va mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Qiziltepa tumanida joriy yilda ish boshlagan “New textile Navoiy” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida kuniga yuzta elektr isitkichli ko‘rpacha ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonaning istiqbolli loyihasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli bojxona va soliq imtiyozlari taqdim etilayotir.

Korxonada dastlab 500 ming dollarga teng loyiha o‘zlashtirilib, Janubiy koreyalik sarmoyadorlar bilan yengil sanoatda yangi ishlab chiqarish turi joriy etildi. Elektr isitkichli ko‘rpalar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu zamonaviy ko‘rpalar organizm uchun mutlaqo zararsizligi va hamyonbopligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Ayni paytda 12 ishchi mehnat qilayotgan korxonada mahalliy xomashyodan bejirim to‘shama va ko‘rpalar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, eksportni yo‘lga qo‘yish borasida izlanishlar olib borilmoqda.

Bu kabi innovatsion loyihalarni amalga oshirish samarasida viloyatda Mahalliylashtirish dasturi asosida import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish tobora kengaymoqda. Kichik va yirik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalari yanada mustahkamlanayotgani bu borada muhim omil bo‘layotir.

Joriy yilda viloyatda Mahalliylashtirish dasturi asosida 65 milliard so‘mlik eksportbop mahsulot ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Bunda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasidagi korxonalar hamda “Heating Radiators” va “Zarafshon izvest” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining munosib ulushi bor. Shuningdek, hududiy dasturga qo‘shimcha tarzda qiymati qariyb 10 milliard so‘mga teng 7 loyihani o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.

UzA