Asosiy menu

AKT sohasidagi samarali hamkorlik

Poytaxtimizdagi Inha universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya ilmiy-amaliy forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, dasturiy ta’minot va elektron mahsulotlar ishlab chiqarish kabi qator sohalarga ixtisoslashgan kompaniya va konsernlari, ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, ishbilarmonlar, olimlar, yetakchi ekspertlar hamda nufuzli ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X.Mirzohidov va boshqalar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida barcha sohada izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davomida ko‘plab sohalar qatori axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir hujjatlar qabul qilindi.

Bugungi kunda jahonda yalpi ichki mahsulotning taxminan 5,5 foizi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mutaxassislar 2020-yilda bu ko‘rsatkich 9 foizdan oshishini ta’kidlamoqda. Ayni paytda Koreya Respublikasining yalpi ichki mahsulotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ulushi 11,8 foizdan ziyodni, Shvetsiyada 7 foizni, Amerika Qo‘shma Shtatlarida 6,8 foizni tashkil etadi.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi doirasida axborot resurslari va tarmoqlarini izchil taraqqiy ettirish, davlat boshqaruvining barcha jabhalarida AKTni keng joriy etish, “elektron hukumat” tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni davlat organlari faoliyatiga AKTni tatbiq etish va elektron hukumat tizimini takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Sohada qator dasturlar va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘plab xizmatlar ko‘rcatilayotir. Bu jarayonda kommunikatsiya tarmoqlari texnik va texnologik qayta jihozlanib, interaktiv xizmat ko‘rsatish sifati ortib bormoqda.

Forumda mehmonlarga mamlakatimizda AKT sohasini rivojlantirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi. Janubiy koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlari va jamiyat hayotiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, IT-sanoati strategiyasini yanada takomillashtirish, texnologiyalar va infratuzilmalarni rivojlantirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi.

– O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, «elektron hukumat» tizimi faoliyatini rivojlantirish borasidagi islohotlar jadal sur’atlar bilan amalga oshirilayotgani, xususan, bu borada huquqiy asoslar tobora mustahkamlanayotgani tahsinga sazovor, – dedi Koreya Respublikasining «SkyLake Investment» kompaniyasi raisi va bosh ijrochi direktori Chin Te Je. – Bunday sa’y-harakatlar samarasida O‘zbekiston yaqin kelajakda AKT yo‘nalishida ilg‘or mamlakatlardan biriga aylanishi shubhasiz.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Mamlakatlarimiz mazkur yo‘nalishda qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotir. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inha universitetida soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanayotir. Ushbu ta’lim muassasasida talabalar xalqaro andozalar asosida IT-sanoati sir-asrorlarini puxta o‘rganib, sohadagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lmoqda.

– Anjumanda AKTni yanada rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko‘rsatilayotgan interfaol davlat xizmati turlarini kengaytirish bo‘yicha mamlakatingizda salmoqli ishlar olib borilayotgani haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim, – dedi Seul milliy universiteti professori Byong Ji Li. – O‘zbekistonning AKT sohasida erishayotgan yutuqlari menda g‘oyat katta taassurot qoldirdi. Mazkur yo‘nalishda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik faol olib borilayotgani bizni quvontiradi. Toshkentda Janubiy Koreyaning Inha universiteti filiali faoliyat yuritayotgani bu boradagi o‘zaro muvaffaqiyatli hamkorligimizga yorqin misol bo‘la oladi.

Forumda dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport qilish, bu borada Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini o‘rganishga alohida ahamiyat qaratilayotgani qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari biznes vakillari bilan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yuqori malakali IT-mutaxassislarini tayyorlash borasidagi hamkorlik, AKTni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, mazkur tarmoqning iqtisodiyotni rivojlantirishda tutgan o‘rni, venchur fondlarini tashkil etish imkoniyatlari kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari, tarmoqda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida poytaxtimizdagi Inha universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi biznes vakillari o‘rtasida mazkur universitetda Maslahat kengashini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

UzA