Asosiy menu

Kooperatsiya aloqalari yanada mustahkamlanmoqda

“O‘zekspomarkaz”da Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari kompleksi, shuningdek, Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksining tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjalari ish boshladi.

Tadbirlar Prezidentimizning 2007-yil 12-noyabrdagi «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq tashkil etildi.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi direksiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilarning ushbu tadbirlarga qiziqishi yil sayin ortib borayotir. Avvalgi tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjalarida qariyb 530 sanoat korxonasi taqdim etgan 2,5 ming dan ziyod turdagi mahsulotlarning 62 turi Mahalliylashtirish dasturi asosida o‘zlashtirilgan yangi mahsulotlardir. Sanoat forumi yakunlariga ko‘ra, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qiymati 166,4 milliard so‘mlik va eksportga 49,3 million dollarlik mahsulot yetkazib berishga doir shartnomalar tuzildi.

Joriy yilda mazkur tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi, «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa tashkilotlarning 700 dan ortiq korxonasi ishtirok etmoqda.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 30 dan ziyod korxonasi 150 ga yaqin turdagi sanoat mahsulotlarini namoyish qilmoqda. «Suvmash» aksiyadorlik jamiyati, «Elstan» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, «Toshkent Singer», «Energy Line», «Suvmet» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va boshqalar shular jumlasidandir. Soha korxonalari bu yil qiymati 2,3 milliard so‘mlik shartnomalar tuzishni rejalashtirgan.

– Tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida ikkita yangi korxonamiz ilk bor ishtirok etmoqda, – deydi Suv xo‘jaligi sanoat korxonalari uyushmasining menejeri Ismatulla Boboyev. – Bular turli izolyatorlar ishlab chiqaradigan «Angrenelektroizolit» va karbon hamda ikkilamchi plastmassadan mahsulot ishlab chiqaruvchi «Karbon polimer» mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridir. Bundan tashqari, stendimizda joriy yilda mahalliylashtirilgan mahsulotlar, jumladan, turli shakldagi rezina, vaakumli nasos, talab yuqori bo‘lgan ko‘p qatlamli armaturali transportyor lentasi taqdim etilgan.

Yarmarkada «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ham keng namoyish etilmoqda. «Alkim Textile», «Ajab Etiketka», «Dilom Textile», «Shams», «Alta Link» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va korxonalar 50 dan ziyod turdagi yangi mahsulotlar, xususan, olachipor kalava va undan tayyorlangan gazlama, maktab formasi, sport kiyimlari taqdim etgan. Ayni paytda soha korxonalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, boshqa tarmoqlar bilan kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish asosida import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratmoqda.

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasining go‘sht-sut, konserva, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilayotgan stendi, ayniqsa, gavjum.

– Sanoat forumida 100 dan ortiq korxona ishtirok etib, 130 dan ziyod turdagi mahsulotlarni namoyish qilmoqda, – deydi «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasining marketing va reklama bo‘limi bosh mutaxassisi Jamshid Raupov. – Ularning 30 turi mutlaqo yangi mahsulotlardir. Quritilgan sabzavot va ko‘katlar, turli sharbatlar shular jumlasidan. O‘tgan yili soha korxonalari bu forumda qiymati 20 million dollarlik shartnoma tuzgan edi. Bu yil esa 30 million dollarlik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Charm-poyabzal sanoati korxonalari stendi alohida ajralib turibdi. Yuqori sifatli poyabzal, charm buyumlar va sport mahsulotlari ishlab chiqaradigan 60 dan ortiq korxona 400 ga yaqin turdagi mahsulotini namoyish etmoqda. 2015-yilda ushbu korxonalar tomonidan qiymati qariyb 2 milliard so‘mlik ichki tarmoq va tarmoqlararo hamda 2 million dollardan ziyod eksport shartnomalari imzolangan bo‘lsa, joriy yilda 4 milliard so‘mlik va 3 million dollarlik shartnomalar tuzish rejalashtirilmoqda.

– Mahalliylashtirish dasturi doirasida korxonalarimiz bu yil 170 dan ziyod turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi, – deydi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi bosh mutaxassisi Shuhrat Aliyev. – Mahsulotlar turining ko‘payib borayotgani tufayli bugungi kunda barcha sanoat tarmoqlarini maxsus oyoq kiyimlar bilan ta’minlay olamiz.

Bu galgi tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi transport sohasi jadal rivojlanayotganini namoyish etdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “Toshshahartransxizmat” va “O‘zavtoyo‘l” aksiyadorlik kompaniyalari o‘z tarkibiga kiradigan korxonalarning sanoat salohiyatini namoyish qilmoqda. Masalan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiradigan «O‘ztemiryo‘lmashta’mir» unitar korxonasi sanoat forumida magistral va manyovr qiladigan teplovozlar, elektrovoz, yuk vagonlari, maxsus vagonlarni kapital ta’mirlash xizmatlarini taqdim etmoqda. Tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida ishtirok etish orqali korxona Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari, «O‘zneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “O‘zkabel” qo‘shma korxonasi va boshqalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tarkibiga kiradigan “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi zamonaviy samolyotlarga texnik xizmat va ularni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatmoqda. Sanoat forumida mazkur korxona akkumulyator, boshqaruv pulti, bug‘ shkaflarini ta’mirlash xizmatlarini taklif qilmoqda. Bundan tashqari, o‘z ehtiyoji uchun yengil sanoat korxonalari bilan yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari xarid qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Shuni aytish kerakki, sanoat forumi doirasida ishtirokchi korxonalar o‘z mahsulotlari taqdimotini o‘tkazib, hamkorlik uchun takliflar bildiradi, yetkazib berish va yangi turdagi sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirishga doir shartnomalar imzolaydi.

UzA