Asosiy menu

Fermerlar uchun amaliy seminar

Bekobod tumanida Toshkent va Sirdaryo viloyatlari fermerlari ishtirokida “O‘zbekiston fermerlari – dunyo e’tirofida” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakillari, ekspert-mutaxassislar hamda fermerlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qayta ishlash, ularni eksportga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yangi bosqichda davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminarda asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni eksport qilish, bu boradagi islohotlar samaralarini qishloq mulkdorlariga yetkazish, fermer xo‘jaligi rahbarlarining bilimi va ko‘nikmasini, huquqiy madaniyatini oshirish masalalariga qaratildi.

– Prezidentimizning joriy yil 12-apreldagi qarori mazmun-mohiyatiga e’tibor qilinsa, ichki iste’moldan ortgan mahsulotni chetga eksport qilish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratilgani aytib o‘tilgan, – deydi Zangiota tumanidagi “Ziyodulla Sa’dullaev” fermer xo‘jaligi rahbari Shavkat Sa’dullaev. – Endi yetishtiriladigan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari uchun oldindan 40 foiz bo‘nak to‘lanadi. Bu fermerlarga juda katta amaliy yordam va imkoniyat degani. Mazkur seminar sohada endi ish boshlagan hamda meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirib eksport qiladigan biz kabi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari uchun mutaxassislar bilan fikr almashish imkonini berdi.

Mutaxassislar tomonidan fermerlarga meva-sabzavot yetishtirishda ilg‘or usul va texnologiyalarni qo‘llash, qir-adirlardagi bog‘larni tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish, mavjud bog‘ va tokzorlar qator oralariga kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ekish, issiqxona tashkil etish, aholi tomorqasidan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar hududlarda barpo etilgan namunali intensiv bog‘lar parvarishi, meva-sabzavotlarni saqlaydigan muzlatkichlar, mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yishda yaqindan yordam beruvchi agrofirmalar faoliyati bilan tanishdi.

UzA