Asosiy menu

O‘zbekistonning ekologik toza meva-sabzavotlari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda

I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ishtirokchilari Andijon, Buxoro, Samarqand, Jizzax va boshqa viloyatlarda bo‘lib, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish, aholi farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni kengaytirish, fermerlik harakatini va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida mamlakatimiz tarixan qisqa davrda oziq-ovqat mustaqilligiga erishdi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish kengaytirilmoqda.

Yarmarkaning bir guruh ishtirokchilari Farg‘ona viloyatida bo‘ldi. Ular “Farg‘ona go‘sht-sut savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ming tonnalik sig‘imga ega muzlatgich kameralari, “Fergana Fresh Fruits” kompaniyasining 40 gektar maydondagi intensiv bog‘lari, Quvasoy shahridagi “Muyan” agrofirmasi shaftoli va olma bog‘larini, Oltiariq tumanidagi to‘rt ming tonnalik sig‘imga ega muzlatgichli kamerani ko‘rib, viloyatning oziq-ovqat sanoati sohasida erishayotgan yutuqlar bilan tanishdi.

– O‘zbekistonda yetishtirilgan sifatli hamda ekologik toza meva, uzum hamda poliz mahsulotlari Rossiyada juda qadrlanadi va sevib iste’mol qilinadi, – deydi Rossiya Federatsiyasining “X5 Retail Group” kompaniyasi vakili Manuchar Kutateladze. – Mazkur yarmarka hali ishga solinmagan imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda. Bizga nafaqat ho‘l meva, balki quritilgan meva va sabzavotlar, xususan, turshak, mayiz, piyoz, karam ham manzur bo‘ldi.
– Hozirgacha Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya kabi davlatlar bilan 200 million dollarlik shartnoma imzolangan, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi rahbari Bahrom Sultonov. – Mazkur shartnomalar uzoq muddatlarga tuzilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Yarmarkada ishtirok etayotgan Ozarbayjon, Qozog‘iston va Rossiya kompaniyalari vakillari Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlaridagi intensiv bog‘larda, mevani saqlash va quritishga ixtisoslashgan korxonalarda bo‘ldi.

– O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, bozorlardagi to‘kin-sochinlikka havasim keldi, – deydi Ozarbayjondagi “Agro-Yug” korxonasi direktori T.Bibetov. – Bunday to‘kinlik, arzonchilik, mo‘l-ko‘lchilikka shukr qilish, uning qadriga yetish zarur. Hamkorlik doirasini kengaytirish uchun “Sirdaryosavdoimpeks” kompaniyasi bilan yil oxiriga qadar 15 million dollarlik meva, “Sirdarinskiy bereg” jamiyatidan esa 15 million dollarlik quritilgan meva-sabzavotlar harid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik.
Samarqand tumanidagi “Ohalik oltin bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatida intensiv bog‘dorchilik usulida yetishtirilayotgan o‘n xilga yaqin meva va uzum navlari, “Agromir Samarqand” qo‘shma korxonasi faoliyati xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda meva-sabzavotlardan konservalangan mahsulotlar, meva sharbatlari va nektarlar ishlab chiqariladi. Ular xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

– Toshkentdagi yarmarkada samarqandlik fermerlar, ishlab chiqarish korxonalarining maxsulotlarini ko‘rgach, bevosita ularning ish jarayoniga bo‘lgan qiziqishimiz ortdi, – deydi Rossiya Federatsiyasining Saxalin viloyati savdo va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Natalya Rozanova. – Bugun “Ohalik oltin bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatining intensiv bog‘lari, bu yerda joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar bilan tanishdik. Samarqanddagi tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylarda bo‘lib, O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida tarixiy obidalar va bebaho merosni asrab-avaylashga yuksak e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘ldik. Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi bizda katta taassurot qoldirdi.


UzA.