Asosiy menu

Manfaatli shartnomalar amalda

Joriy yilning 12-14-iyul kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida imzolangan shartnomalar asosida surxondaryolik mirishkorlar ham xorijlik hamkorlariga mahsulot yetkazib berishni boshladi.

Mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar narx-navo barqarorligi va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.Bunda erga, mulkka yangicha munosabat shakllanib, ekin maydonlaridan unumli foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish, aholini tabiiy toza, servitamin oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, xorijga eksport qilishning samarali tizimi yaratilgani yutuqlar omili bo‘layotir. Xususan, Surxondaryo viloyati fermer va dehqon xo‘jaliklari, bog‘bonu sohibkorlari ham bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yiliga bir necha marta hosil olishga muvaffaq bo‘lmoqda.

– Viloyatimizda joriy yilda 2 million 540,5 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan, – deydi Surxondaryo viloyati fermerlar kengashi raisi Abdusalom Nuriddinov. – 315 ming tonnadan ortiq uzum va meva, 245 ming 668 tonna poliz, 1 million 715 ming 470 tonnaga yaqin sabzavot mahsulotlari, 264 ming 404 tonnadan ziyod kartoshka yig‘ishtirib olinadi. Buning uchun tajribali bog‘bonlar pishib yetilgan hosilni peshma-pesh yig‘ib olayotgan bo‘lsa, izlanuvchan fermerlar g‘alladan bo‘shagan maydonlarda yeryong‘oq, mosh, kartoshka kabi turli oziq-ovqat ekinlarini parvarish qilayotir.

Poytaxtimizda o‘tgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi fermerlar, agrofirma va boshqa ishlab chiqaruvchilar uchun yanada qulay sharoit va keng imkoniyat yaratdi. Yarmarkada viloyatdagi o‘ttizga yaqin agrofirma, fermer xo‘jaligi va korxonalar 249,5 ming tonna meva-sabzavot sotish bo‘yicha 209 million dollardan ziyod shartnoma imzoladi.

Oltinsoy tumani fermer va dehqon xo‘jaliklari joriy yilda 256 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rejalashtirgan. Xalqaro yarmarkada tumanda yetishtirilgan 75 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlarini bir qator xorijiy davlatlarga eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolashga erishildi.

– Prezidentimizning shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tkazilgan yarmarka eksport faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishning eng maqbul tizimini yaratdi, – deydi “Oltinsoy ne’matlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Ismoil Yo‘ldoshev. – Unda tumanimiz fermer va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan mahsulotlarni namoyish etib, taqdimotlar o‘tkazdik. Quyosh nuriga to‘yingan zaminimizda pishib yetilgan mahsulotning sifati ham, ta’mi ham o‘zgacha. Inson organizmi uchun foydali elementlarga boy. Dunyoning turli mamlakatlaridan yarmarkaga kelgan buyurtmachilarni oziq-ovqat ekinlarimizni parvarishlash jarayoni bilan tanishtirdik. Ular shifobaxsh mahsulotlarimizning ta’mini, mazasini tatib, biz bilan kelishuv shartnomalari imzoladi. Yarmarka ishtirokchilari meva, uzum va sabzavot mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirdi. Qozog‘istonlik tadbirkorlar bilan meva-uzum yetkazib berish bo‘yicha 5 million 742,5 ming dollarlik shartnoma tuzdik. Yaqinda tumanimizda yetishtirilgan 23 ming dollar qiymatidagi uzum va mevani hamkorlarimizga jo‘natdik.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Surxon meva invest”, “Jarqo‘rg‘on meva-sabzavot eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ham Ozarbayjon va Qozog‘iston davlatlaridagi buyurtmachilariga qariyb 10 million dollar miqdoridagi meva, uzum, poliz, sabzavot va boshqa mahsulotlarni jo‘natgan.

Viloyatning Termiz, Sherobod tumanlarida yetishtirilgan meva, poliz va sabzavotlarni eksport qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham chet ellik hamkorlariga sara mahsulotlarni yuborayotir. Angor, Denov, Sariosiyo tumanlaridagi agrofirma, korxona va fermer xo‘jaliklari xorijlik hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan dastlabki mahsulotlarni jo‘natishga hozirlik ko‘rayotir.

UzA