Asosiy menu

Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markaziga 2016/2017 o‘quv yili uchun qabul davom etmoqda

Mamlakatimizda zamonaviy biznes yuritish tartib-tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichida ustuvor vazifalardan biridir. Bu borada korporativ munosabatlar tizimidagi mavjud prinsip va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan chora-tadbirlar iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash hamda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Barcha sohada eski qolip va andozalardan voz kechish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish huquqiy va tashkiliy o‘zgarishlarni amalga oshirish barobarida mutaxassislar, ayniqsa, rahbar xodimlarning dunyoqarashi, fikrlash tarzini o‘zgartirishni taqozo qiladi. Bu boshqaruv jarayoni korporativ munosabatlar asosiga qurilgan korxona hamda tashkilotlarda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Binobarin, yirik va minoritar, mahalliy hamda xorijiy sarmoyadorlarning huquq va manfaatlarining ishonchli himoyalanishi boshqaruv apparatidan yuksak malaka, katta mahorat talab etadi.

Prezidentimizning 2015-yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mazkur jihatlar alohida e’tiborga olinib, Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tashkil etildi.

Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari, shuningdek, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida markaz direktori o‘rinbosari Baxtiyorjon Akbaraliyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda xususiy mulkning qonuniy, me’yoriy-huquqiy va amaliy jihatdan ustuvor rolini ta’minlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi B.Akbaraliyev. – Bu yurtimizda xilma-xil mulkchilik shakliga ega iqtisodiy munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi bilan bir qatorda, xususiy mulkni boshqarish yuzasidan dunyo mamlakatlarida to‘plangan eng yaxshi va maqbul tajribalarni milliy o‘ziga xoslikni inobatga olgan holda amalga joriy etishni taqozo qilmoqda.

2015-yilning noyabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi oldiga qo‘yilgan vazifa ham mamlakatimizda korporativ munosabatlar asosida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlarida zamonaviy, samarador boshqaruv usullarining tatbiq etilishida korxona hamda tashkilotlarga institutsional ko‘mak berishdan iboratdir.

Markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-oktabrdagi “Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining samarali faoliyatini ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, o‘tgan davrda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Markaz oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifa – xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari va xususiy korxonalar rahbar xodimlari hamda mutaxassislarini zamonaviy korporativ boshqaruv uslublari bo‘yicha o‘qitish ishlari boshlab yuborildi. 2015-yilning dekabr oyida «Biznesni boshqarish magistri» («Master of Business Administration – MBA») mutaxassisligi bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijalari asosida eng yuqori ball to‘plagan 40 nomzod magistraturaga qabul qilindi.

Magistratura o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqishda mamlakatimiz hamda yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida to‘plangan eng ilg‘or tajribalardan foydalanildi. Bu o‘rinda Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi (Germaniya), “Insead” (Fransiya), “Harvard Vusiness School MBA” (AQSh) hamda “London Vusiness School” (Angliya) biznes maktablari o‘quv dasturlarini alohida ta’kidlash zarur.

O‘quv jarayoni bir nechta o‘quv bloklariga ajratilgan holda olib boriladi. Bunda boshqaruv iqtisodiyoti, umumiy menejment, korporativ boshqaruv, korporativ moliya, marketing menejmenti singari yettita mutaxassislik faniga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ularni o‘zlashtirish tinglovchilar uchun majburiy hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘quv dasturlari umummetodologik hamda tanlov fanlari, shuningdek, ilmiy faoliyatni qamrab olgan.

Darslar Markaz va boshqa nufuzli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tekshirish institutlari professor-o‘qituvchilari, davlat organlari yetakchi mutaxassislari, xorijlik ekspertlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yirik kompaniya va tashkilotlar amaliyotchilari tomonidan olib boriladi. Xususan, xorijiy tillar JICA (Yaponiya), KOICA (Janubiy Koreya) agentliklari hamda Konfutsiy instituti (Xitoy) mutaxassislari tomonidan o‘qitilmoqda.

Markazimiz tinglovchilarning to‘laqonli bilim olishi hamda professor-o‘qituvchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha qulaylikka ega. O‘quv zallarida masofaviy dars o‘tish imkonini beradigan videokonferens-aloqa vositalari, turli usullarda dars olib borish imkonini beruvchi multimedia jihozlari mavjud. Multimedia vositalari elektron ma’lumot stendlari bilan jihozlangan bo‘lib, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining bir qator xorijiy litsenziyalangan axborot-kutubxona resurslariga onlayn rejimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanadi. Bularning barchasi tinglovchi va mutaxassislarga jahonning eng ilg‘or ilmiy-nazariy ma’lumotlarini olish hamda davriy matbuot materiallaridan foydalanishda juda qo‘l keladi.

Shu kunlarda 2016/2017 o‘quv yili uchun magistraturaga tinglovchilarni qabul qilish ishlari qizg‘in ketmoqda. Hujjatlarni qabul qilish joriy yilning 20-iyulida boshlangan bo‘lib, 20-avgustga qadar davom etadi. Shu muddat davomida oliy ma’lumotli, oliy ta’lim muassasasini bitirgandan so‘ng kamida uch yillik ish stajiga ega 40 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tadbirkorlik subyektlarining rahbar xodimlari va mutaxassislari magistratura yo‘nalishiga hujjat topshirishlari mumkin.

Markazimizda magistratura ta’lim yo‘nalishi bilan bir vaqtda korporativ munosabatlarning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha turli maxsus kurslar ham tashkil etilmoqda. Korporativ boshqaruv sohasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shu bilan birga, baholovchilar, rieltorlar va sud ijrochilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil qilingan.

Xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari rahbar xodimlari, kuzatuv kengashi a’zolari, ijroiya organi va taftish komissiyasi rahbarlari, mutaxassislari va boshqa xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun mo‘ljallangan korporativ boshqaruv kurslari qisqa muddatli bo‘lib, maxsus ishlab chiqilgan dasturlar asosida amalga oshiriladi.

Evropa menejment va texnologiyalar maktabi bilan hamkorlikdagi “Rahbar xodimlar uchun korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari” malaka oshirish kursi yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu kurs ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich, ya’ni nazariy o‘qish Germaniyaning Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda Markazimizda olib boriladi, ikkinchi bosqich Germaniyaning yirik kompaniya va korporatsiyalarida bo‘lib o‘tadi. Mazkur kursni hozirgacha 262 rahbar xodim tamomlab, ularning 128 nafari Germaniyada malaka oshirib qaytdi.

Ma’lumki, bugungi kunda davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida davlatning ishonchli vakillari va kuzatuv kengashi a’zolari korporativ boshqaruvchi malaka attestatiga ega bo‘lishi shart. Shundan kelib chiqib, Markazda korporativ boshqaruvchi malaka attestatini olmoqchi bo‘lganlarga maxsus kurs tashkil etilgan. Hozirgacha mazkur kursni tamomlagan 352 tinglovchidan 179 nafariga malaka attestati berildi, qolganlarini ham suhbatdan o‘tkazish jarayoni davom etmoqda.

Muxtasar aytganda, Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazida amalga oshirilayotgan ishlar iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, bo‘lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta’minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy qilish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

UzA