Asosiy menu

Eksport bo‘yicha salmoqli shartnomalar imzolanmoqda

Prezidentimizning 2016-yil 1-iyundagi qarori asosida tashkil etilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi davom etmoqda.

Bundan yigirma besh yil avval O‘zbekistonda aholining asosiy turdagi oziq-ovqat, meva-sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji import hisobidan qoplangan bo‘lsa, istiqlol tufayli mamlakatimiz ularni eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin oldi. 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarimiz AQSh, Braziliya, Vetnam, Indoneziya, Kipr, Makedoniya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Norvegiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Slovakiya, Tailand, Xitoy, Yaponiya kabi saksondan ortiq mamlakatga eksport qilinayotgani buning yorqin isbotidir. Sohada olib borilayotgan izchil islohotlar samarasida eksport jo‘g‘rofiyasi kengayib, hajmi tobora oshmoqda.

I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi mamlakatimizning bu boradagi salohiyatini yana bir bor namoyish etmoqda. Yarmarkaning uchinchi ish kunida sohada mavjud mahalliy va xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi shartnomalar imzolash, mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida taqdimotlar o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar vakillari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida erishilayotgan yuksak samaralar, ekologik toza meva-sabzavotlar, poliz ekinlari yetishtirish hamda ularni qayta ishlash orqali tayyorlanayotgan turli mahsulotlar bilan xorijlik ishtirokchilarni yaqindan tanishtirdi.

Ispaniyaning “Lendel Media Solitions” kompaniyasi xalqaro tijorat biznesi menejeri Roul Mip Soll O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar tabiiy shakar, amino va organik kislotalar, salomatlik uchun eng muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan boshqa mintaqalarda yetishtirilgan ana shunday mahsulotlardan sezilarli darajada yuqori turishini qayd etdi. U Urganch tumanidagi “Yuqoribog' ne'matlari” agrofirmasi bilan 1-oktabrdan boshlab haftasiga 30 tonna qovun yetkazib berish borasida shartnoma imzoladi.

Mazkur yarmarka Xorazm viloyatidagi fermer xo‘jaliklari va fermerlar uchun nihoyatda samarali bo‘ldi. Ular shu kungacha 80 million dollarlik shartnomalar imzoladi. Xiva tumani hokimi o‘rinbosari Jasurbek Masharipovning ma’lum qilishicha, tumandagi “Agro Chinor” mas’uliyati cheklangan jamiyati Rossiyaning “FinInvest Consulting” korxonasi bilan qariyb to‘qqiz ming tonna meva-sabzavot yetkazib berish, Qozog‘istonning “Djondildin S.A” korxonasi bilan to‘rt yarim million dollarlik mahsulot yetkazib berish borasida shartnoma imzoladi.

Samarqand viloyati bugungi kunda dunyoning qirqqa yaqin davlati bilan eksport sohasida hamkorlik qilmoqda. Viloyatdagi Bulung‘ur, Samarqand, Tayloq, Urgut va Jomboy tumanlari meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, ularning o‘rtacha yillik hajmi 3076 ming tonnaga yetdi. 1503 ming tonna sabzavot, 572 ming tonna kartoshka, 103,7 ming tonna poliz ekinlari, 522 ming tonna uzum shular sirasidandir.

Yarmarka doirasida hozirgacha Yevropa, Osiyo va MDH davlatlariga eksportchi korxonalar tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha “O‘zagroeksport” tashqi savdo kompaniyasi tomonidan 382 million dollarlik shartnomalar imzolandi. Eronning “Pure Corporation” kompaniyasi, Xitoyning “VSEYe” korporatsiyasi, Dubay savdo-sanoat palatasi (BAA), Hindistonning “Eco Green Group” kompaniyasi shular jumlasidandir.

Jizzax viloyatida ikki yuzdan ortiq eksportchi tashkilot va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri “Baxmal Eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. 170 dan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxona zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona joriy yilda 35 gektarda tokzor barpo etdi. Ayni vaqtda Hindistonga mosh yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

“Baxmal Eksport” ma’suliyati cheklangan jamiyati rahbari Anvar Safarovning aytishicha, mazkur yarmarka sohaga oid kompaniya va korxonalar eksport salohiyatini oshirish, bu borada yangi istiqbollarni belgilab olishga xizmat qilmoqda. Viloyat vakillarining ma’lum qilishicha, xorijda yong‘oqning xaridorgirligi hisobga olinib Baxmalda 400, G‘allaorol, Zomin, Forish tumanlarining har birida 100 gektardan yong‘oqzor tashkil etish rejalashtirilmoqda. G‘alladan bo‘shagan ikki ming gektar maydonda hosildorligi yuqori gulkaram, qalampir va boshqa ekinlar ekiladi.
Yarmarka davom etmoqda.


UzA