Asosiy menu

Mehnat huquqlari kafolatlari yanada kuchayadi

Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 37-moddasidan.

Mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlari ta’minlanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Har yili bandlik dasturi doirasida minglab yangi ish o‘rni yaratilayotgani yurtdoshlarimiz manfaatiga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 22-sentabrda imzolagan yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun mehnatni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Mazkur qonunda kasaba uyushmalari vakolatlari kuchaytirildi. Bu tizim vakili mehnatni muhofaza qilishga oid talablarning buzilishini bartaraf etish to‘g‘risida ish beruvchiga takliflar kiritishi, ish beruvchilarning majburiyatlari bajarilishini nazorat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida mamlakatimizda mehnat muhofazasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bu alohida ta’kidlandi.

Tadbirda sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarini hayotga tatbiq etishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

2016-yil 12-oktabrda qabul qilingan "Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida"gi hamda "Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida"gi qonunlar bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur huquqiy hujjatlarda kasaba uyushmalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari yanada takomillashtirildi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, hunarmandlar va bir martalik ishlarda band shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq birlashish erkinligi kafolatlari mustahkamlandi. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarga ham kasaba uyushmalariga qo‘shilish huquqi berilib, xususiy sektorda mehnat qiluvchi shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish samaradorligi oshirilgan.

Tadbirda bu kabi huquqiy asoslar ijtimoiy mehnat sohasida kasaba uyushmalari faoliyati erkinligi kafolatlarini mustahkamlashi qayd etildi. O‘z navbatida, bu fuqarolarning mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytiradi. Sohada qonuniylikni ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

UzA