Asosiy menu

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti ko‘payadi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish faoliyatiga aloqador davlat organlari va kompaniyalarning vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar qishloq xo‘jaligining izchil isloh etilayotgani, fermerlik va agrobiznes har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida yurtimiz iqtisodiy salohiyati yuksalayotgani, agrar sohaga joriy etilayotgan yangi texnologiyalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish imkoniyatini kengaytirayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Savdo-sanoat palatasining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 160 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘ttiz olti mingdan ortig‘i ko‘p tarmoqli yirik subyektdir.

Yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish yuzasidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ham fikr va mulohazalar bildirildi.

Yurtimizda zamonaviy taraqqiyot mezonlari asosida tashqi bozorni o‘rganish, xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish, sertifikat va litsenziyalar olish borasida fermer xo‘jaliklarining tajribasi ortib bormoqda.

– Mamlakatimizda oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni kengaytirish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida aholi jon boshiga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlarning miqdori va qayta ishlash hajmlari oshib bormoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasi bo‘lim boshlig‘i G‘ofurjon Usmonov. – Bugungi yig‘ilishda tashqi bozordagi talab va ehtiyojni o‘rgangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirishga izchil ko‘mak berish borasida vazifalar belgilab olindi.

UzA