Asosiy menu

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yanada ko‘payadi

Farg‘ona davlat universitetida “Markaziy Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar, mutaxassislar, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatidan fermer va tadbirkorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yoqubov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati I.Zokirov va boshqalar mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, fermerlik va agrobiznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yurtimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 9-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 10-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi izchil rivojlanib, paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik va boshqa tarmoqlarda yuqori natijalarga erishilmoqda. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar aholi farovonligini yuksaltirish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Viloyatdagi fermer xo‘jaliklari tasarrufida 42 ming gektardan ziyod maydonda mevali bog‘lar mavjud. Ularning 809 gektari intensiv bog‘lardir.

Davlatimiz rahbari joriy yil 22-23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Markaziy Farg‘ona yerlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, xususan, yong‘oq, pista va uzumchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ayniqsa, eksport mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratish, shu orqali odamlarning daromadini ko‘paytirish, kelgusi besh yilda Markaziy Farg‘onani iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish borasida aniq ko‘rsatmalar berildi.

Viloyatda ana shu ko‘rsatma va vazifalardan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi sohasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Mazkur ilmiy-amaliy anjuman ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.

Anjumanda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, intensiv bog‘lar tashkil etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ilm-fan yutuqlarini keng tatbiq etish, olim va mutaxassislarning fikr-mulohazalari, to‘plangan tajribalar asosida xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.

UzA