Asosiy menu

Toshkent shahridagi dehqon bozorlarida savdo yarmarkasi o‘z faoliyatini boshladi

“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20 oktabrdagi “2017-2018-yillar qish-bahor faslida respublika aholisini va ijtimoiy soha muassasalarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlari bilan kafolatli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi doirasida 475 ming 546 tonna zaxira yaratilmoqda. Uyushma korxonalari barcha tayyorlov, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar va aholi bilan shartnomalar tuzdi.

Uyushma tasarrufidagi korxonalarning mahsulot xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tijorat banklaridan qariyb 43,5 milliard so‘m kredit olindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining maxsus jamg‘armasidan 100 milliard so‘m jalb etilgani sohada ko‘rsatilayotgan xizmat samaradorligini oshirmoqda. Tizimdagi hududiy ulgurji bazalarda bugungi kunda qariyb 200 ming tonna kartoshka, 130 ming tonnadan ortiq piyoz, 84 ming tonna sabzi va 60 ming tonnaga yaqin guruch g‘amlandi.

– Meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash, saqlash hamda qish mavsumida ichki iste’mol bozorini barqaror ta’minlash uchun uyushmamizda barcha choralar ko‘rildi, – deydi “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi Zafar Fayziyev. – Jamg‘arilgan mahsulotlarni uzoq muddat sifatli saqlash uchun korxonalarda mavjud omborlar va sovutgichli sig‘imlarga joylandi. Mahsulotlar sifati, sovutgich va omborlar harorati to‘la nazorat qilib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, yurtimiz aholisini oziq-ovqat tovarlari hamda meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy turlari bilan yil bo‘yi uzluksiz ta’minlash, meva-sabzavot mahsulotlari zaxirasini qish-bahor davri uchun g‘amlash bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarish, ichki iste’mol bozorida mazkur mahsulotlar narxlari keskin o‘zgarishining oldini olish maqsadida “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibidagi korxonalarda 5 ming 900 tonnalik sovutgichli sig‘imlar foydalanishga topshirildi. Andijon viloyatidagi 800 tonna, Qashqadaryo viloyatidagi 1000 tonna, Farg‘ona viloyatidagi 1800 tonna hajmdagi sovutgichli sig‘imlar shular sirasidandir. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yangi hosil pishib yetilgunga qadar sifatli saqlash darajasini yanada oshiradi.

Kelasi yil Paxtaobod, Yangiqo‘rg‘on, Farg‘ona, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlarida har biri 10 ming tonna sig‘imga ega qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan zamonaviy sovutgichli sig‘imlar foydalanishga topshiriladi.

Uyushmada dehqon bozorlari va aholi gavjum joylarda, yengil konstruksiyalardan foydalangan holda «Xizmat-beminnat» chakana savdo pavilyonlarini tashkil etish va ular orqali iste’molchilarga «dala-do‘kon» tizimi bo‘yicha mahsulot yetkazib berish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, shaxsiy tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga mahsulotlarni sotishda qulaylik yaratish uchun mahsulot xarid qilish punktlari tashkil etiladi.

Ayni vaqtda uyushmada Yangi yil bayrami savdo-yarmarkalarini tashkil etish, ichki bozorlarni to‘ldirish va aholining asosiy oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirish choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibidagi korxonalar joriy yilda mamlakatimizga qo‘shimcha ravishda 30 ming tonna shakar, 27 ming tonna kartoshka, 10 ming tonna kungaboqar yog‘i, 1,6 ming tonna parranda go‘shti keltirish yuzasidan shartnomalar imzoladi. Hozir tuzilgan shartnomalarga asosan keltirilgan mahsulotlar zaxiraga qo‘yilmoqda.

Xalqimizda “Yoz mevasi – qish xazinasi” iborasi bejizga qo‘llanmaydi. Yoz va kuz faslida pishib yetilgan meva-bog‘dorchilik va poliz noz-ne’matlarining qish mavsumida ham rastalarni to‘ldirib turganini ko‘rar ekansiz, kayfiyatingiz ko‘tarilib, ko‘ksingizda shukronalik tuyg‘usi to‘lib-toshadi. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli zaxira g‘amlash tadbirlari esa aholiga ko‘rsatilayotgan savdo xizmati sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.


UzA