Asosiy menu

Farg‘onada 47 ming 210 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratildi

Qishning sovuq kunlari boshlandi. Xo‘sh, joylarda bu mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rildi? Aholini qanday muammolar qiynamoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatida ana shu jarayon o‘rganildi. Unda qish mavsumiga tayyorgarlik, aholini elektr energiyasi va issiqlik, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir va ko‘mir briketi bilan ta’minlash, qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar sektorlar tizimida tahlil etildi.

Viloyatda 283 mingdan ortiq xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlangan. 366 ming 436 xonadon suyultirilgan gaz va ko‘mirdan foydalanadi. O‘rganishlar davomida Qo‘qon mexanika zavodidan 1 ming 136 gaz balloni olinib, aholiga berildi, 7 ming 221 gaz ballon tarqatildi, Farg‘ona, So‘x, Beshariq, Rishton va O‘zbekiston tumanlarining chekka va tog‘li hududlaridagi 2 ming 969 xonadonga ikki oylik zaxirasi bilan gaz ballonlari yetkazildi.
– Qishlog‘imiz anklav hududda joylashgan bo‘lsa ham, davlatimizning e’tiborini doimo his etib turamiz, – deydi Farg‘ona tumanidagi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Tojiboyev. – Ayniqsa, qish mavsumidagi muammolarimiz ijobiy hal qilindi. Aholi yetarli suyultirilgan gaz balloni, oziq-ovqat zaxirasi bilan ta’minlandi. 377 tonna ko‘mir beg‘araz yetkazib berilib, xonadonlarga tarqatildi.

Joriy qish mavsumi uchun viloyatda 186 ming 565 tonna ko‘mirga ehtiyoj mavjud. Hozirga qadar ijtimoiy soha obyektlariga 58 ming tonnadan ziyod ko‘mir yetkazib berildi. O‘rganish davomida 18 ming 372 tonna ko‘mir keltirildi. Aholining ham ehtiyoji o‘rganilib, yetarli miqdorda ko‘mir bilan ta’minlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilayotir.

Albatta, qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazishda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashning o‘rni katta. Shahar va tumanlarda bu borada ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgan edi. Viloyat hokimligi ishlab chiqqan manzilli dasturlar doirasida mazkur masalalar ham amaliy hal etilmoqda. O‘rganish davrida har xil quvvatli 25 transformator o‘rnatildi, 17 tasi ishga tushirildi, 8 tasida montaj ishlari olib borilmoqda. 18 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarida ish boshlanib, 15,8 kilometri ishga tushirildi. 2,2 kilometri 23 dekabrgacha ishga tushiriladi. Natijada viloyatda 34 mingga yaqin iste’molchining elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilanadi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ham muhim vazifalardan. 7,5 kilometr ichimlik suvi quvuri yangidan tortildi, 4,2 kilometr quvur ta’mirlandi. Oltiariq tumani Tinchlik shaharchasida 160 metr oqova suv tarmog‘i yangilandi.
– Mahallamizdagi 4 ko‘p qavatli uyda ichimlik suvida muammo bor edi, – deydi Quvasoy shahridagi Soybo‘yi mahallasida yashovchi Bahrom Sharopov. – 140 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, bu masala ijobiy hal qilindi. Bunday ezgu ishlardan juda minnatdormiz.

Qish-bahor oylarida aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, zaxirasini yaratish hamda bozorda narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olish mavsumga hozirlikning eng dolzarb masalalaridan biridir. Shu kunga qadar 47 ming 210 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilgan. Ishchi guruh mahsulotlarni yetkazib berish, saqlash, dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etish masalalari bilan ham tanishdi.

Joriy yilda viloyatda 201,6 kilometr avtomobil yo‘llari joriy ta’mirlandi, 5 kilometr yo‘l qayta qurildi. 394,4 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Qish mavsumiga ham barcha zarur narsalar shay qilindi. O‘rganish davrida 165 yo‘l belgilari, 4 chorrahada svetofor o‘rnatildi, 320 dona yo‘l belgisi, 128 avtobekat, 265 yoritish tizimi ustunlari ta’mirlandi, 65 quvurning suv kirish-chiqish joylari tozalandi. Umumfoydalanishdagi 18,8 kilometr yo‘llarda joriy, 1,7 kilometr yo‘lda to‘la ta’mirlash ishlari bajarildi. 27,6 kilometr gorizontal yo‘l yotiq chiziqlari chizildi.

Viloyatdagi 1 ming 971 ijtimoiy soha obyektlari va 285 shirkatning qish mavsumiga tayyorlik holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Nogiron, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 1 ming 593 tasiga oziq-ovqat, 1 ming 621 tasiga maishiy gaz balloni, 87 tasiga gaz plitalari beg‘araz tarqatildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatida qish mavsumiga tayyorgarlik holatining kompleks o‘rganilgani joylarda mavjud vaziyatni aniqlash va kamchiliklarni bartaraf etish imkonini berdi. Bu yurtdoshlarimizning davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

UzA