Asosiy menu

Sirdaryoda 2017-yilda 187 ming tonnadan ziyod boshoqli don, 200 ming tonnaga yaqin paxta yetishtirildi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan «Hosil bayrami» tantanasida barcha tumanlardan dehqon va fermerlar, qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari, ilmiy muassasalar mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Prezidentimizning 2017-yil 15-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan galdagi vazifalar yuzasidan «O‘zbekistonda yilqichilik: kecha va bugun» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Bayram tadbirida yurtimizda agrar soha rivojiga qaratilayotgan doimiy e’tibor hududlarni obod etish, bandlikni ta’minlash, eng muhimi, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2017-yil 9-oktabrdagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 10 oktabrdagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham agrar tarmoqni modernizatsiya qilish va optimallashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Paxta va boshoqli don ekinlari maydonlarini qisqartirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, yer egalarining daromadini ko‘paytirish, xalqimizni arzon, tabiiy va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shunga muvofiq, sohaga keng imtiyoz berilib, ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, tarmoq xodimlarining eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha bilimini mustahkamlash, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Yuqori natijalarga erishayotgan mirishkor dehqonlar mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.

2017-yilning o‘tgan davrida viloyat qishloq xo‘jaligi sohasida 215 yangi loyiha amalga oshirilishi natijasida 890 dan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi. Bugungi kunda viloyatdagi 5 ming 624 fermer xo‘jaligining 2 ming 485 tasi ko‘p tarmoqli bo‘lib, ular paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik va boshqa sohalarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Barcha toifadagi xo‘jaliklarda 322 ming 800 tonna sabzavot, 56 ming 900 tonna meva, 355 ming 700 tonnadan ortiq poliz mahsulotlari, 187 ming tonnadan ziyod boshoqli don, 200 ming tonnaga yaqin paxta xirmoni bunyod etildi. Eksport qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmi 26 million dollarni tashkil etdi.

Prezidentimiz farmoniga asosan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha peshqadamlaridan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlari – unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida 11 nafar sirdaryolik ham borligi viloyat mehnatkashlarini yanada ruhlantirib yubordi.
– Ushbu yuksak mukofotni butun viloyatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnatiga berilgan munosib baho, deb bilaman, – deydi Sirdaryo tumanidagi «Mehri daryo» fermer xo‘jaligi rahbari, «Do‘stlik« ordeni sohibi Abduqodir Namozov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. Bu, avvalo, dehqonga, uning mehnatiga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishida namoyon bo‘lmoqda.

Bayram tadbirlari doirasida milliy urf-odatlarimizga ko‘ra dasturxon yozilib, osh tortildi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari bir piyola choy ustida yakunlanayotgan yilni sarhisob qilib, kelgusi rejalar xususida fikr almashdi. Samarali mehnati bilan xalqimiz farovonligiga salmoqli hissa qo‘shayotgan soha xodimlari, fermerlar, tomorqa egalari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda agrokimyo markazi tuman filiali boshliqlariga xizmat avtomashinalari topshirildi.

San’atkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bayramga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

UzA