Asosiy menu

Hosil cho‘g‘i bugungi harakatga bog‘liq

Farg‘ona viloyati fermerlari joriy yilda ham g‘alladan mo‘l hosil olishni maqsad qilib, maysa parvarishiga alohida e’tibor qaratmoqda.

G‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish yuqori hosildorlikka zamin yaratadi.
Viloyat fermer xo‘jaliklari 109 ming 200 gektar maydonda g‘alla parvarishlamoqda. To‘rt sektor rahbarlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan hududlar bo‘yicha «G‘alla parvarishida favqulodda holat» davrida kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, g‘alla maydonlarini sharbat bilan sug‘orish maqsadida 17 shahar, tumanlar shtablari va 110 mahalliy o‘g‘it chiqarish otryadlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan har gektar g‘alla maydoniga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arish va dalaga chiqarish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari kesimida reja-jadval ishlab chiqilgan.
Shuningdek, maxsus guruhlar xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarga tozalik va gigiyenaga rioya qilish, har xil kasalliklarning oldini olish maqsadida «Tozalik – tuman boylik, mahalliy o‘g‘it – mo‘l hosildorlik» shiorlari ostida aholi punktlari va mahallalarda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib bormoqda.
Turli kasallik va zararkunandalardan himoya qilish tadbirlari o‘tkazilmasa, hosildorlik teng yarmiga kamayishi tajribada isbotlangan. Bundan tashqari, donning sifat ko‘rsatkichi ham pasayib, oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash uchun yaroqsiz holga kelib qoladi. Shuning uchun bu ishlarga ham muhim e’tibor qaratilmoqda.

Hozir viloyatda g‘allani ikkinchi oziqlantirish ishlari to‘liq yakunlanib, uchinchi oziqlantirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. 92 otryad tarkibidagi 225 dona o‘g‘itlagich (NRU), 750 dona o‘g‘it tashish texnikasi shay holatga keltirilgan.

Farg‘ona tumani fermer xo‘jaliklarida ham g‘alla parvarishi qizg‘in. Bir tekis rivojlanayotgan maysani sharbat usulida sug‘orish, oziqlantirish tajribali g‘allakorlar tavsiyasi asosida amalga oshirilayotir.
56 gektar yer maydoniga ega «Hamdamov Boymurod yeri» fermer xo‘jaligining 40 gektarida g‘alla yetishtirilmoqda. Davlat xirmoniga barakali ulush qo‘shish niyatida mehnat qilayotgan xo‘jalik a’zolari ayni kunlarda g‘alla parvarishi hamda chigit ekish ishlari bilan band. Baravj o‘sayotgan g‘alla maydonlarida oziqlantirish, kasallik va zararkunanda hasharotlarga qarshi kurash ishlari avjida.
– Bugungi har bir kun dehqon uchun g‘animat, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Boymurod Hamdamov. – Chunki bu yil bahor seryog‘in keldi. Bu g‘alla maydonlarida begona o‘tlar ko‘payishi, kasallik va zararkunandalar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida bajarishga alohida e’tibor qaratish darkor. O‘tgan yili 50 sentnerdan hosil olganmiz. Bu yilgi rejalarimiz yanada ulkan.

Ayni paytda viloyatdagi ba’zi fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘alla parvarishida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilayotganini ham ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan bunday holatlar bartaraf etilmoqda.

UzA