Asosiy menu

Shifobaxsh parxez mahsulot aholi salomatligi uchun

Non inson organizmi uchun foydali oziq moddalaridan biri bo‘lishi bilan bir qatorda turli xastaliklarni davolash va oldini olish xususiyatiga ega shifobaxsh va darmondori vazifasini ham o‘taydi. Qanday qilib deysizmi? «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi «Buxorodonmahsulotlari» AJ ga qarashli «Ko‘k Saroy» non ishlab chiqarish korxonasida aholiga taqdim qilinayotgan «Steviya noni» va «Shifo non» mahsulotlari o‘zining bebaho foydali xususiyati bilan o‘z xaridorgirligini saqlab kelmoqda.
Mazkur non turi «Don mahsulotlari ilmiy ishlab chiqarish markazi» AJ tomonidan O‘simlik moddalar kimyosi instituti bilan hamkorlikda ixtiro qilingan.
Tarkibida javdar va bug‘doy unlari, xalqimizda «asl o‘simligi» deb ataluvchi tabiiy shirin ta'm beruvchi o‘simlik steviya qo‘shilgan. Uglevodsiz ushbu nonlarning tarkibida hech qanday koservant va yaxshilagichlar va bo‘yoqlardan foydalanilmagan, 100 foiz tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadi.
Diabetli bulka non «Steviya noni» va «Shifo non» nafaqat respublikamizning boshqa hududlarida balki chet davlatlarida hali ishlab chiqarilmagan bo‘lib, shakar o‘rniga steviya o‘simligi qo‘shilgan non o‘zining bebaho shifobaxsh profilaktik va sog‘lomlashtiruvchi xususiyatlarga ega.
Ayniqsa, qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlar ushbu shirin ta'mga ega nonni hech ikkilanmay iste'mol qilishlari mumkin. Aytish joizki, ham iste'mol tovari, ham shifobaxsh darmon vazifasini o‘tovchi ushbu mahsulot ortiqcha vazn, gipertoniya shuningdek, onkologik xastaliklarning oldini olishda yordam beradi.
Qayd etish jizki, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxonalarda temir moddasi bilan boyitilgan non, yodli baton, vitamin va minerallar bilan boyitilgan un mahsulotlari ham ishlab chiqariladi.

Axborot xizmati.