Asosiy menu

Aholi iste'moli uchun eng sifatli mahsulotlar

"O`zdonmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi "Sho`rchi don mahsulotlari" aksiyadorlik jamiyati don va don mahsulotlari, omuxta yem mahsulotlarini ishlab chiqarish va respublikamiz aholisi hamda xalq xo'jaligini ushbu mahsulotlar bilan ta'minlashda o'zining ulkan hissasini qo`shib kelmoqda. Korxona tomonidan Surxandaryo viloyatining Sho`rchi, Oltinsoy, Denov, Qumqorg`on va Boysun tumanlari fermer xo`jaliklari tomonidan etishtirilgan boshoqli don mahsulotlari Sho`rchi, Denov, Qumqorg`on hamda Boysun don qabul qilish shahobchalariga yetkazilib, ishlab chiqarishga yo`naltiriladi.
Korxona tarkibida 2 ta Tegirmon, omixta yem, non va non mahsulotlari, makaron, urug`lik va polipropilen qop ishlab chiqarish sexlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, "Sho'rchi don" sho'ba korxonasi, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexi mavjud.
Yordamchi xo'jaliklar faoliyati ham tizimli yo'lga qo'yilgan bo'lib, dehqonchilik, baliqchilik, parrandachilik, kasanachilik, tikuvchilik kabi sohalarda ko'plab ish o'rinlari yaratilib aholi bandligi ta'minlangan.
Korxonada faoliyat yuritayotgan omixta yem sexi 2017 yilda zamonaviy texnologiyalar asosida qayta jihozlandi. Natijada ish unumdorligi ortib, qo'shimcha sara mahsulotlar ishlab chiqarishga erishildi. Bugungi kunda mazkur sexda parrandachilik sanoati uchun kuniga 240 tonna sifatli, to'yimlilik darajasi yuqori - yarim pishirilgan mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
"Sho`rchi don mahsulotlari" aksiyadorlik jamiyatida mehnat qilib kelayotgan kam ta'minlangan ishchi xodimlar oilalarini bayram arafasida moddiy rag`batlantirish tizimi yo'lga qo'yilgan.
Kelgusida korxona tomonidan ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish evaziga yuqori sifatli un navlari, yorma, omuxta yem, shuningdek, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni hamda iqtisodiyot tarmoqlari va viloyat aholisini ular bilan ta'minlashni tashkil etish ko`zda tutilmoqda.

Axborot xizmati.