Asosiy menu

G‘alla hosili yig‘im-terim mavsumi boshlandi

2018 yil boshoqli don ekinlari hosilini o‘z vaqtida va qisqa muddatlarda sifatli yig‘ishtirib olish hamda davlat resurslariga g‘alla sotish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yil boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ishtirib olish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 29 maydagi PQ-3754-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga ko‘ra, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan davlat ehtiyojlari uchun don qabul qilish mavsumida korxonalardan tayyorlangan don miqdori to‘g‘risida olinayotgan ma'lumotlarni tahlil qilish uchun kompaniyada “G‘alla shtabi” tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda qishloq xo‘jalik ekinlarini oqilona joylashtirish chora-tadbirlari va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 15 sentyabrdagi PQ-3281-sonli qaroriga asosan, “O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi tizim korxonalariga qarashli don qabul shaxobchalarida mavsum oldidan obodonlashtirish ishlari olib borilgan.
Qayd etish joizki, don tayyorlash davrida davlat resurslari uchun tayyorlanayotgan donning sifati va miqdori ustidan monitoring yuritish uchun kompaniya mutaxassislari hududlarga biriktirildi.
Joriy yilgi g‘alla hosilining nes-nobud bo‘lishi oldini olish, don qabul qilishda shaffoflikni ta'minlash maqsadida onlayn rejim yo‘lga qo‘yildi.
Ta'kidlash lozimki, respublikamizning barcha viloyat va tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida 2018 yilgi boshoqli don ekinlari hosilini o‘z vaqtida va qisqa muddatlarda sifatli yig‘ishtirib olish ishlari jadal olib borilmoqda.

Axborot xizmati.