Asosiy menu

Chinoz tumanida qariyb 3 ming 300 tonnalik g‘alla xirmoni bunyod etildi

Toshkent viloyati Chinoz tumani g‘allakorlari joriy yilda 7 ming 800 gektarda bug‘doyning "Zomin", "Gratsiya", "Gurom", "Brigada" kabi mahalliy iqlimga mos, serhosil navlarini parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirdi.
Ayni paytda tumanda o‘rim-yig‘im mavsumi qizg‘in pallaga kirdi. Hosilni yig‘ib olishga jalb etilgan 19 kombayn tomonidan kuniga o‘rtacha 650 tonna sara don yig‘ib olinib, davlat omborlariga yetkazib berilmoqda.

– Asosiy vazifa, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i R.Norbo‘tayev. – Bu borada otryad usuli, ya'ni barcha xizmatlarning dala boshida tashkil etilgani qo‘l kelmoqda. Ayni paytgacha qariyb 3 ming 300 tonnalik g‘alla xirmoni bunyod etildi. Hali dalalarimizda hosil mo‘l. Endi 265 fermer xo‘jaligining 926 gektar maydonida o‘rim-yig‘im ishlari yakuniga yetdi.

Joriy yilda kuzatilgan murakkab ob-havo sharoitiga qaramasdan, tumanning aksariyat fermer xo‘jaliklari shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarayotir. "Po‘latov Mahmud" fermer xo‘jaligi ana shulardan biri.

– Dehqon uchun oson yilning o‘zi bo‘lmaydi, degan gap haq, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari O.Po‘latova. – Ammo, bu yilgi mavsum haqiqatdan ham og‘ir keldi. Shunga qaramay, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarganimiz, g‘allani sharbat usulida sug‘organimiz yaxshi natija berdi. Xususan, 39 gektardan davlatga 86 tonna o‘rniga 96 tonna don topshirdik.

UzA