Asosiy menu

Sirdaryo viloyati g‘allazorida ish qizg‘in

Sirdaryo viloyati g‘allazorida ish qizg‘in Sirdaryo viloyatida 86 ming 500 gektar maydonda g‘alla yetishtirilib, davlatga 191 ming 840 tonna don sotish rejalashtirilgan.

Ana shu ezgu maqsad yo‘lida viloyat mirishkorlari fidokorona mehnat qilmoqda. Ayni paytga qadar mavjud g‘alla maydonining 35 foizdan ziyodi o‘rilib, 110 ming tonnadan ortiq don yig‘ib olindi.

– Joriy g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida viloyat bo‘yicha 325 zamonaviy kombayn, 1448 yuk avtomashinasi, 93 ko‘chma texnik ta'mirlash brigadasi 325 otryadga birlashgan holda hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib olmoqda, – deydi viloyat hokimligi qishloq xo‘jaligi masalalari kotibiyati mudiri I.Rahmonov. – Viloyatning Xovos, Sayxunobod, Sardoba, Oqoltin tumanlarida g‘alla o‘rim-yig‘imi uyushqoqlik bilan tashkil etilganini alohida ta'kidlash joiz.


O‘rim-yig‘imda ishtirok etayotgan ishchi-xizmatchilar uch mahal issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh bilan ta'minlangan.

Viloyatda ilg‘orlar safida borayotgan Sayxunobod tumanida 12 ming 500 gektar g‘alla maydoni bo‘lib, mirishkorlar 28 ming 700 tonnalik xirmon yig‘ish yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda. Ayni paytda g‘alla maydonlarida 40 otryadga biriktirilgan 48 zamonaviy kombayn, 170 yuk avtomashinasi, 40 haydov traktori ishlatilmoqda.

– Barcha xizmatlar dala boshida tashkil etilgani ish unumi yuqori bo‘lishini ta'minlayotir, – deydi tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Rahmonberdiyev. – Shu kungacha 6 ming gektar maydondagi g‘alla o‘rilib, omborlarga 18 ming 125 tonna sara don yetkazib berildi.

Tumandagi «Yangiobod» suv iste'molchilari uyushmasi mirishkorlari har gektar maydondan 42,1 sentnerdan hosil ko‘tardi. Viloyatda birinchi bo‘lib davlatga g‘alla sotish rejasini 104 foizga ortig‘i bilan bajargan yangiobodliklar rejadagi 5 ming 100 tonna o‘rniga 5 ming 307 tonna don sotdi. Bunda «Chuchuk suv bo‘yi», «Abdurahim«, «Beshbuloqlik Umidjon« fermer xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘ldi.

– Bu yilgi ob-havo dehqonchilik uchun oson kelmadi, – deydi «Chuchuk suv bo‘yi« fermer xo‘jaligi rahbari A.Primov. – Lekin belgilangan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilsa, dehqonning xirmoni hamisha yuksak bo‘ladi. Biz ham o‘z vaqtida g‘allaga o‘g‘it berib, sharbat usulida sug‘ordik. Har bir agrotexnik tadbirni maromida va o‘z vaqtida bajardik. Hosil ko‘ngildagidek bo‘ldi. G‘alladan bo‘shagan maydonni peshma-pesh haydab, 25 gektariga sholi ekdik. Qolgan qismiga dukkakli don ekishni rejalashtirganmiz. Bu esa qo‘shimcha daromad degani.

Darvoqye, viloyatdagi g‘allachilikka ixtisoslashgan 3 ming 961 fermer xo‘jaligining 1000 dan ortig‘i davlatga g‘alla sotish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Ularning soni kun sayin ortib bormoqda.

UzA