Asosiy menu

Respublikada shartnomaviy reja bajarildi

G‘alla hosili yig‘im terim mavsumi ayni avj pallaga kirdi. Respublikamizning barcha hududlarida 2018 yil boshoqli don ekinlari hosilini o‘z vaqtida va qisqa muddatlarda sifatli yig‘ishtirib olish jarayonini uyushqoqlik bilan o‘tkazish hamda davlat resurslariga g‘alla sotish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarish maqsadida olib borilayotgan sa'y-harakatlar o‘zining ijobiy natijasi ko‘rsatmoqda.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va tarkibdagi tizim korxonalari hamda ularga qarashli don qabul qilish shaxobchalarida mavsum davomida fermerlarga qulaylik yaratish va uni to‘g‘ri tashkil qilish hamda g‘allani nest-nobud bo‘lishi oldini olishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Respublikaning barcha hududlarida dehqon va fermerlar, soha mutaxassislarining mehnatlari samarasi o‘laroq davlat resurslariga g‘alla sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomaviy reja ortig‘i bilan bajarildi. Ko‘rsatkich 4 iyun holatiga 104,5 foizni tashkil etdi.
Ta'kidlash lozimki, mavsum boshidan Buxoro viloyati g‘allakorlarining uyushqoqlikda olib borgan harakatlari natijasida viloyat Respublikada birinchilardan bo‘lib tovar va urug‘lik don sotish bo‘yicha topshiriq rejasini bajardi. Viloyatning davlatga don sotish bo‘yicha ko‘rsatkichi 4 iyun sanasiga 125,2 foizni tashkil qiladi. Xorazm viloyatida ham mavsum boshidan uning yuqori saviyada tashkil etilishiga alohida e'tibor qaratildi. Viloyat g‘allakorlari tomonidan g‘alla hosili rejasi 119,3 foizga yetkazildi.
Qayd etish joizki, davlat resurslariga g‘alla sotish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarishda Navoiy viloyati 118,6 foiz, Andijon viloyati 114,4 foiz, Surxandaryo viloyati 107,6 foiz, Farg‘ona viloyati 106,6 foiz, Sirdaryo viloyati 105 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 100,3 foiz, Qashqadaryo viloyati 100 foiz natijalar qayd etilib ilg‘orlik ko‘rsatishdi.
Respublika bo‘ylab g‘alla hosili yig‘im-terim masumi davom etmoqda.

Axborot xizmati.