Asosiy menu

Non va makaaron mahsulotlari xavfsiz, mazali va foydali bo‘lishi kerak

Non o‘zbek xalqi tomonidan asrlar mobaynida eng aziz ne’mat, rizq-ro‘z manbai, xonadonning to‘kin-sochinligi barakasi ramzi sifatida qadrlanib kelinadi. Dasturxon yozilganda eng avvalo non qo‘yilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam.
Kundalik eng ko‘p iste’mol qiladigan ozuqa manbaimiz bo‘lgan non, makaron va qandolot mahsulotlari avvalo, salomatligimiz uchun xavfsiz, sifat talablariga to‘liq javob bera olishi, shu bilan bir qatorda, inson tanasi uchun foydali moddalar, mikroelementlarga ega bo‘lishi lozim.
Ayni shu maqsadda 2017 yil 27 martida «Non va makaron maxsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida» gi maxsus texnik reglament «O‘zstandart» Agentligining MTR-8 sonli Qaroriga asosan tasdiqlangan. Reglament 2018 yil 1 sentyabrdan qonuniy kuchga kirdi.
Mazkur reglament O‘zbekiston Respublikasining «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladigan non va makaron maxsulotlarini qo‘llash va bajarish uchun yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablarini o‘rnatishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Reglamentni ishlab chiqishdan maqsad birinchi navbatda inson hayoti, sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash, davlat, yuridik va jismoniy shaxslar mulkini, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek non va makaron maxsulotlarini qo‘llash va xavfsizligi xususida iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olishdan iborat.
Maxsus texnik reglament Respublika hududida muomalaga chiqariladigan 13 turdagi non-bulka mahsulotlariga, 3 turdagi yarim tayyor non-bulka mahsulotlariga, talqon, kuruq non kvasi va 2 turdagi makaron mahsulotlariga taaluqli.
Reglamentda non va makaron mahsulotlari tarkibidagi toksik elementlar, mikotoksinlar, pestitsidlar, radionuklidlar, metallomagnit aralashmalar, zararkunandalar bilan zararlanganlik, xamda mikrobiologik ko‘rsatkichlarning chegaraviy ruxsat etiladigan darajalari o‘rnatildi. Bundan tashqari non va makaron mahsulotlarining namlik va nordonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ruxsat etilgan me’yorlari o‘rnatilgan.
Non va makaron mahsulotlarini tashuvchi transport vositalari, yuk konstruksiyalari(qurilmalari) va bo‘limlariga xavfsizlik talablari belgilangan va o‘rnatilgan.
Maxsus texnik reglament qonuniy kuchga kirishi non va makaron mahsulotlarini ishlab chikarish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan xavf darajasi kamayashiga sabab bo‘lmoqda.
Tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun maxsus reglamentda o‘rnatilgan talablarga javob beruvchi sifatli va xavfsiz mahsulotlarni ishlab chiqarishni modernizatsiyalashtirish va rivojlantirishlari uchun sharoit yaratildi va shunga muvofiq raviishda maxsulotning sifatini va raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat paydo bo‘ldi. Ishlab chiqarish jarayonlarida xavfli vaziyatlarning yuzaga kelishini minimallashtirishda va savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga yordam berib, sifatli va xavfsiz mahsulot tayyorlashda, eksport va importni har tomonlama tartibga solishda tadbirkor va ishlab chikaruvchilarga bir kator kulayliklar yaratiladi.
Bundan tashkari reglament respublika hududida xavfli non va makaron mahsulotlarining muomalaga chiqishini oldini olishga xizmat qilmoqda.

Axborot xizmati.