Asosiy menu

“O'zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va Rossiya davlati kompaniyalarining mustahkam hamkorlik istiqbollari

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keladi. Tashrif doirasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o'zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo'shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinmoqda.
«O'zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan mazkur tashrif doirasida yurtimizga kelgan Rossiya ishbilarmonlari bilan don mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o'tkazish, o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik shartnomalarni imzolash ko'zda tutilgan.
Qayd etish joizki, mazkur sohada ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik bir necha yillardan buyon samarali yo'lga qo'yib kelinmoqda. Jumladan, 2016-2018 yillar davomida «O'zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi va Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari bilan umumiy qiymati 1141,6 ming AQSh dollari bo‘lgan 13 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan.
2016 yilda kompaniya tarkibidagi «Xovosdonmahsulotlari» va «Sho'rchidonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatlarida «Viniks» kompaniyasida ishlab chiqarilgan 2 ta non mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyalari o'rnatilib, bugungi kunda xalqimizga sifatli non mahsulotlari yetkazishda muhim o'rin egallab kelmoqda. 2017 yilda esa, shu kabi loyiha «Oqoltindonmahsulotlari» korxonasida amalga oshirildi.
Joriy yilda esa, «Melservis» kompaniyasi texnologiyasi asosida «Andijondonmahsulotlari» korxonasidagi tegirmon sexi modernizatsiya qilingan.
«A-Injiniring» kompaniyasi texnologiyasi asosida «Koson DMKK», «Uchqo'rg'on don mahsulotlari» va «Ohangaron don» aksiyadorlik jamiyatlarida chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik xo'jaliklari uchun sifatli, ozuqabop omixta em yetkazib berish maqsadida ekstruderlangan omixta yem ishlab chiqarish liniyalari ishga tushirildi. Joriy yilning noyabr oyida xuddi shunday liniyalarning yana 4 tasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
«Viniks» kompaniyasi texnologiyalari asosida «Do'stlikdonmahsulotlari» AJ da non mahsulotlari ishlab chiqarishga mo'ljallangan sex ishga tushirildi.
Kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining kompaniyalari bilan birgalikda samarali loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Axborot xizmati.