Asosiy menu

Dalalarda g‘alla parvarishiga kirishildi

Navoiy viloyati dehqon va fermer xo‘jaliklari kelasi yil hosili uchun bug‘doy ekish va maysani erta undirib olishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Viloyatda g‘allaning “Andijon”, “Elomon”, “Grom”, “Asr”, “Nota”, “Yaksart” kabi navlari parvarishlanadi. Joriy yilda viloyatda 40 ming 600 gektar maydonga g‘alla ekish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 40 ming gektarga yaqin maydonga yaxshi niyat bilan urug‘ qadaldi. Ayni paytda g‘alla maydonlarida zarur melioratsiya va agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Karmana, Xatirchi va Navbahor tumanlari fermerlari maysa parvarishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Belgilangan reja asosida sug‘orish ishlari amalga oshirilayotir.

– 53 gektar yerga bug‘doyning “Grom” navidan ekdik, – deydi Karmana tumanidagi “Avaz bobo” fermer xo‘jaligi rahbari Qahramon Ro‘ziyev. – Allaqachon maysa parvarishini boshlab, har gektar yerga 250 kilogarammdan fosfor o‘g‘iti sepildi. Ikkinchi sug‘orish ishlarini ham yakuniga yetkazdik.

Mazkur fermer xo‘jaligi mavjud 100 gektarlik yerdan mo‘l hosil olmoqda. Joriy mavsumda xo‘jalik g‘allaning gektaridan 63 sentnerdan hosil oldi. Kelgusi yili bu ko‘rsatkichni 70 sentnerga yetkazish mo‘ljallanmoqda.