Asosiy menu

Tadbirkorga keng imkoniyat

Bugun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishning muhim talabiga aylandi. Birinchi Prezidentimiz tomonidan qayd etilganidek, iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish bo‘yicha tub va ijobiy ma’nodagi portlash effektini beradigan o‘zgarishlarni amalga oshirmasdan turib, istiqboldagi maqsadlarimizga erishish qiyin bo‘ladi.

AKTni jadal rivojlantirish yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ishbilarmonlik muhiti tobora yaxshilanib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish tartiblari soddalashib bormoqda. Bu borada internet tarmog‘ida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani, joylarda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha “yagona oyna” markazlari ish olib borayotganidan xalqimiz mamnun.

– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jamiyat va davlat hayotiga keng tatbiq etilishi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini ortiqcha yugur-yugur va turli sansalorliklardan forig‘ etmoqda, – deydi “UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi direktori o‘rinbosari Nozimjon Daliboyev. – Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi “Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining o‘rni salmoqli bo‘layotir.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida aholi va tadbirkorlik subyektlariga 290 turdan ziyod xizmat ko‘rsatilmoqda. Tadbirkorlik yo‘nalishida, xususan, yuridik shaxs tashkil etmagan holda yakka tartibdagi tadbirkor yoki dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun onlayn ariza yuborish, yuridik shaxs tashkil etgan holda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish uchun onlayn ariza yuborish, fermer xo‘jaligi, oilaviy tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn tarzda ariza berish singari yigirma turga yaqin xizmat taqdim etilmoqda.

2016-yil 20-dekabr holatiga ko‘ra, Yagona portal orqali tadbirkorlik subyektlaridan 515 mingdan ziyod ariza kelib tushgani mazkur elektron resursning mamlakatimiz ishbilarmonlariga ko‘makchi bo‘layotganidan dalolat beradi.

Yagona portalda aholi va tadbirkorlik subyektlariga tadbirkorlikka tegishli ishlab chiqilayotgan hujjat loyihalari va qabul qilingan hujjatlarni muhokama qilish imkoniyatini beradigan maxsus tizim ishlab chiqilgan bo‘lib, hozir ushbu tizim regulation.gov.uz manzilida faoliyat ko‘rsatmoqda. Foydalanuvchilar tomonidan bildirilgan izoh va takliflar tegishli davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqiladi va takliflarni inobatga olish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Foydalanuvchilar amaldagi normativ hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etishini Yagona portalda joylashtirilgan maxsus so‘rovnomani to‘ldirgan holda baholashda ham ishtirok etishlari mumkin.

Portal davlat organlari faoliyati ochiqligi samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda tizimga 850 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat muhokama uchun joylashtirilgan.

Mahalliy veb-resurslarni, raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar va xizmatlar bozorini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xususiy mulkchilik, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz) ishga tushirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 120 davlat organi tomonidan taqdim etilgan 2100 dan ziyod ma’lumotlar to‘plami portalga joylashtirilgan.

Tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi "Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 2016-yil 1-yanvardan ish boshlagan tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi “yagona oyna” markazlarining faoliyati ham muhim o‘rin tutmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizning hamma hududlarida aholiga qulay bo‘lgan joyda, barcha shart-sharoitga ega 194 “yagona oyna” markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ushbu markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, bu tadbirkorlik subyektlarining vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorligining bevosita muloqot qilmaydigan shakllari yanada kengayishi, byurokratik to‘siqlar barham topishiga xizmat qiladi.

2016-yilda markazlarga 75 mingdan ortiq murojaat tushgan bo‘lsa, ularning barchasi vaqtida yechimini topdi. Murojaatlarning aksariyat qismi Andijon, Xorazm, Farg‘ona, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida "yagona oyna" markazi xizmatlarining pasportlari, namunaviy shakllar va blankalari ko‘chirib olish uchun qulay bo‘lgan formatlarda joylashtirilgani tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ahd qilganlar uchun qo‘shimcha yengillik yaratmoqda. Endilikda bo‘lajak tadbirkorlar markazga kelishdan avval kerakli hujjatlarni tayyorlab kelish imkoniga ega bo‘ldi.

Mamlakatimizda "Elektron hukumat" yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida yana bir ahamiyatli loyiha – "Litsenziya" axborot tizimlari kompleksi negizida Elektron litsenziyalash portali sinov tariqasida ishga tushirildi.

Ushbu portal orqali transport, arxitektura va qurilish, birja, riyeltorlik faoliyati, lombard, lotereya, madaniyat, noshirlik faoliyati, reklama, qimmatbaho metall va toshlar aylanmasi, savdo, bojxona, bank, sug‘urta, qimmatli qog‘ozlar, mikrokreditlash, neft-gaz kompleksi va mineral resurslar, tibbiyot, farmatsevtika, veterinariya, audit, baholash xizmati va advokatlik faoliyati, axborot texnologiyalari, kriptohimoyalash, EHM uchun dastur va tizimlar, ta’lim, sport, turizm singari yo‘nalishlardagi ma’lumotlarni olish, litsenziya hamda ruxsat beruvchi jarayonlarni amalga oshirish mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish mamlakatimizda tadbirkorlikning jadal taraqqiy etishi, investitsiya muhitining yanada yaxshilanishi, davlat organlari faoliyatini optimallashtirish, pirovardida mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi hamda xalqimiz turmush darajasining yanada yuksalishida tobora muhim o‘rin tutayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

UzA