Asosiy menu

Mukofot muborak!

Joriy yilning 7 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida” gi farmoni e’lon qilindi. Mazkur farmonga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib, xalqimizning rizq-ro‘zi va farovonligini, yurtimizning iqtisodiy qudratini va eksport salohiyatini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, agrar sektorda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va davlat dasturlari ijrosini ta’minlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh fidoyi yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbarining yuksak e’tiroflariga sazovor bo‘ldilar.
“O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi “Shovot don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati laboranti Pirjanova Zulfiya Gadimovna ham yurtboshimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Z.Pirjanova o‘zining fidoyiligi, kasbiga bo‘lgan mehri va sadoqati bilan korxonada mehnat qilayotgan hamkasblariga, shogirdlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. U 32 yillik faoliyati davomida halollikni, kasbni chin ma’noda seva olishni va unga munosib bo‘lishni eng muhim me’zon sifatida bilib, shogirdlariga, ya’ni sohaga endigina qadam qo‘ygan yoshlarga ham shuni uqtirib kelmoqda.
- Ishiga sadoqat mehr bilan yondoshgan inson hech qachon e’tibor va e’tirofdan chetda qolmas ekan. Men uchun bu rag‘bat kelgusida yanayam ko‘proq ishlashimga o‘z kasbimni rivoji yo‘lida xizmat qilishimda turtki, qanot bo‘ladi desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi,- deydi Z.Pirjanova o‘z hayajon va taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan. – “Shuhrat” medali Vatanimiz shon-shuhratini yuksakka ko‘tarishga bel bog‘lagan insonlarga rag‘bat sifatida beriluvchi mukofot deb bilaman.
Pirjanova Zulfiya Gadimovnani yuksak mukofot bilan muborakbod etib, kelgusida ham muvaffaqqiyatlari bardavom bo‘lishini, tilab qolamiz.


Axborot xizmati.