Asosiy menu

Chinozliklar dasturxoni issiq nonlarga to‘la

Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi aholining non va non mahsulotlariga bo‘lgan talabi yuqori ekanligi, iste'molchilar uchun sifatli, foydali mahsulot yetkazib berish ehtiyojini yuzaga keltiradi.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi “Toshkentdonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Chinoz zamin non” mas'uliyati cheklangan jamiyatida mahsulot ishlab chiqarishda ayni shu jihatlarga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.
Non o‘zbek xalqi dasturxonining ko‘rki, rizq-ro‘z, to‘kinchilik belgisidir. Xalqimizda har bir ezgu ish oldidan non sindirib duo qilinib ezgu niyatlar tilanishi, urf-odat, azaliy qadriyat tusini olgan.
Chinoz tumanining Yallama dahasida joylashgan mazkur non sexida kuniga 6 tonnagacha tayyor non va non mahsulotlari maktabgacha ta'lim muassasalari, shifoxonalar, maktablar va xususiy tadbirkorlarga yetkazib kelinmoqda. Bu o‘z navbatida mahsulotga bo‘lgan talabning yuqori ekanligidan dalolat beradi.
- Seximizda ishlatiladigan bug‘doy unida oqsil, uglevod, vitamin va minerallar, inson organizmi uchun zarur barcha mikroelementlar mavjud. -deydi korxona rahbari Bekzod Omanov. - Bundan tashqari, bizda Germaniyaning Wachtel texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan energiya tejashga mo‘ljallangan zamonaviy uskunalar o‘rtatilgan.
Non sexida bugungi kunda 20 nafar ishchi xizmat qilib kelmoqda. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Ishlab chiqarilayotgan maxsulot sifati va turi hamda hamyonbopligi jihatdan aholi ehtiyojini qondirib kelmoqda.
Qayd etish joizki, “Ipoteka bank” ATB Chinoz tuman filialining moliyaviy ko‘magida mazkur sexda qandolat va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Axborot xizmati.