Asosiy menu

E’tirofga munosib mehnat

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilgan fidoyi xodim Zamira Nigmatovna tavalludining 70 yillik yubileyi munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda fidoyi ustoz, jonkuyar murabbiyning Kompaniya boshqaruvi va jamoasi chin qalbdan muborakbod etadi.
Zamira opa ko‘p yillar mobaynida energetika, iqtisodiyot, xalq xo‘jaligi, kadrlar bilan ishlash sohalarida ishlab nafaqat ushbu sohalar, balki, mamlakat taraqqiyotiga o‘zining beminnat, ulkan hisssini qo‘shgan. Uning energetika sohasida 26 yillik samarali mehnati yuksak e’tirof etilib, “Energetika faхriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib, mazkur yo‘nalishda o‘z faoliyatini boshlagan yosh mutaxassislar uchun yorqin namuna bo‘la olgan.
Kompaniya boshqaruv apparatida ham uzoq yillardan beri kadrlar bilan ishlash, ularni nazorat qilish, sohada rahbar, mutaxassis va ishchi xodimlar bilim va malakasini oshirish, ularga o‘z kasbining yetuk egasi sifatida namoyon bo‘lishi uchun yaqindan yordam berib kelmoqda. Yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda Zamira Nigmatovnadek tajribali ustoz, murabbiyning o‘rni beqiyos.
Zamira Nigmatovnaning «O‘zdonmahsulot» AK dagi uzoq va samarali faoliyati, jamoatchilik ishlarida faolligi, erishgan yutuqlari yuzlab shogirdlarni o‘z kasbining fidoyi egasi bo‘lib yetishida qo‘shgan hissasi yuksak e’tirof etilib “Don a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “Mehnat Faxriysi” ko‘krak nishoniga munosib deb topildi.
Zamira Nigmatovnani yuksak unvon bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qolamiz.

Axborot xizmati.