Asosiy menu

Ekin maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi

Mamlakatimizda 21 mingdan ziyod fermer xoʻjaligida koʻp tarmoqli faoliyatni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qariyb 23 mingta loyiha amalga oshirilmoqda.

2018 yil uchun tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz boʻyicha 1,5 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanishi belgilangan. Eng asosiysi, qishloq joylarda 83 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini yanada rivojlantirishda hamda yer maydonlaridan samarali foydalanishda qator muammo va kamchiliklar kuzatilmoqda.

Aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolmoqda. Uzoq yillar foydalanilmayotgan tomorqa yer egalarining yerga nisbatan munosabatini tubdan oʻzgartirish boʻyicha tizimli ish olib borilmayapti.

Fermer va dehqon xoʻjaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishi ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada oʻrnatilmagan.

Uzoq yillar foydalanilmayotgan tomorqa yer egalarining yerga nisbatan munosabatini tubdan oʻzgartirish boʻyicha tizimli ish olib borilmagan.

Hisob-kitoblarga koʻra, mamlakatimizda birgina tomorqa yerlaridan oqilona foydalanish, yaʼni taʼminot, servis va sotish xizmatlarini tizimli yoʻlga qoʻyish orqali oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini ikki barobar koʻpaytirish mumkin.

Prezidentimizning 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2017 yil 10 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi mavjud nuqson va kamchiliklarni hal qilishning huquqiy va amaliy yechimlarini belgilab berdi.

Senatorlar muhokama qilgan “Qishloq xoʻjaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun yuqorida aytib oʻtilgan hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ega boʻlgan yoshlar boshqa teng sharoitlarda ustuvor huquqdan foydalanishi belgilanmoqda.

Bu imtiyoz yoshlarni qishloq xoʻjaligiga jalb etishga, ularni oʻz yashash joylarida ish bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonunga koʻra, fuqarolar yigʻiniga ekin maydonlaridan samarali foydalanish va yerlarni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqi berilayotgani dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalarining oʻz ishlariga boʻlgan masʼuliyatini yanada oshiradi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

UzA