Asosiy menu

Sirdaryoda gʻalla oʻrim-yigʻimida faol qatnashganlarga 2,5 milliard soʻmlik qimmatbaho sovgʻalar topshirildi

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayevning qarori bilan gʻalla oʻrim-yigʻimiga munosib hissa qoʻshgan, unda faol ishtirok etgan qishloq xoʻjaligi xodimlari va oʻrim-yigʻimga biriktirilgan vakillarning 780 nafardan ortigʻiga 2 milliard 500 million soʻmlik qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Guliston shahridagi Toʻra Sulaymon nomli amfiteatrida viloyat gʻallakorlarining ulkan mehnat zafari sharafiga bayram tadbiri tashkil etildi.

Sirdaryolik 1 ming 992 fermer xoʻjaligi gʻallakorlari 85 ming gektar maydonga gʻalla urugʻini qadab, viloyat tarixida birinchi marta davlatga don sotish shartnomaviy rejasini 15 ish kunida uddaladi. Mamlakatimiz xiromoniga 191 ming 387 tonna oʻrniga 233 ming tonnadan ortiq sara don yetkazib berib, bu boradagi reja 128 foizga bajarildi. Viloyat boʻyicha 468 ming tonnadan ziyod gʻalla ishlab chiqarildi.

Bu yilgi gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumiga 360 ta gʻalla oʻrish kombaynlari jalb etilib, 168 ta otryadlar shakllantirildi. Mazkur otryadlarda tuman hokimliklari, ichki ishlar boʻlimi xodimlari va boshqa tashkilotlardan iborat 1 ming 638 nafar masʼullar hamda 1 ming 416 ta yuk avtomobili, 103 ta koʻchma ustaxona va 114 ta yonilgʻi tashish vositalari xizmat qildi. Shuningdek, sirdaryolik fermerlarning yangi zamonaviy hamda Xorazm viloyatidan yordamga kelgan oʻrim kombaynlari tomonidan oʻrilgan gʻalla viloyatning shartnomaviy rejasini sharaf bilan uddalanishida katta hissa qoʻshganligini alohida eʼtirof etish lozim.

Oqoltin, Boyovut, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlari mirishkorlari gʻalla hosilini yetishtirish va davlatga don sotish boʻyicha viloyatda yetakchilik qilishdi. Gʻalladan yuqori hosildorlikka erishgan Sayxunobod tumanidagi «Kubay ota», «Shoxista Olimjonovna» masʼuliyati cheklangan jamiyati, «Duraxon Azim» fermer xoʻjliklari, Boyovut tumanidan «Bolgʻali Qilich aka», Farxod gʻallakor», Guliston tumanidan «Sobir Saodat hamkor», «Muhammadjon Muxtorjon fayz», Oqoltin tumanidan «Oqoltin asil chorva», «Kaltatoy», Sirdaryo tumanidan «Esonturdiyev Hojiboy ota», «Doniyor Sharof baraka», «Izdiyot» fermer xoʻjaliklari har gektar maydondan 70-80 sentnerdan oshirib xirmon choshladi.

Ayniqsa, Oqoltin tumani gʻallakorlari don yetishtirishda respublikada yetakchilar qatorida ekanini alohida eʼtirof etish lozim. Tuman boʻyicha 13 ming gektar maydonga gʻalla urugʻi qadab, davlatga gʻalla sotish rejasidagi 28 ming tonna oʻrniga salkam 38 ming tonna sara don yetkazib berildi va bu boradagi reja 121 foizga uddalandi.

Gʻalladan yuksak xirmon choshlagan Sirdaryo viloyati gʻallakorlari gʻalabasi sharafiga viloyat markazidagi amfiteatrda oʻtkazilgan bayram tadbiriga qadar har bir tumanda viloyat hokimining qarori bilan 780 nafardan ziyod gʻalla oʻrim-yigʻimida ishtirok etgan fermer, kombayn operatori, yuk tashish mashinasi haydovchisi, otryad rahbari va uning oʻrinbosari, shu otryadga biriktirilgan vakillarga, tunu kun otryad aʼzolari bilan birga boʻlgan ichki ishlar vakillariga, tumanlardagi 4 sektor rahbarlariga respublikamizdagi eng soʻlim sanatoriylarga bepul yoʻllanma, «Domashniy kinoteatr» televizorlari, 2 kamerali sovutgichlar, «Zima-leto» konditsionerlari, kir yuvish mashinalari, gaz plitalari va boshqa qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Bayram tadbirda esa viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev – gʻalla oʻrim-yigʻimida eng yuqori natija koʻrsatib, davlatga gʻalla sotish rejasidan 9 ming tonna koʻp don yetkazib bergan, respublikada bu borada yetakchilar qatoridan oʻrin olgan Oqoltin tumani hokimi Dilmurod Fozilovga Prezidentimiz sovgʻasi – «Patiriot» yengil avtomashinasining kalitini tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, davlatga gʻalla topshirishda ikkinchi oʻrinni egallagan Boyovut tuman hokimligiga «Niva», uchinchi oʻrin sohiblari Sayxunobod tumani hokimligiga «Kobalt» va Sirdaryo tumani hokimligiga «Damas» avtomobillarining, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tizimli tashkil etish maqsadida viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Xovos, Mirzaobod va Sayxunobod tumanlari kengashlarining har biriga «Damas» avtomobillarining, yer sharoiti ogʻir boʻlishiga qaramay davlatga boshoqli don sotish rejasini ilgʻorlar safida bajargan Mirzaobod, Sardoba va Xovos tumanlariga «Jentra» avtomobillarining kalitlari – Prezidentimiz sovgʻasi sifatida taqdim etildi.

– Davlatga gʻalla sotish shartnomaviy rejasidan salkam 9 ming tonna ortiqcha don yetkazib berib, oʻrtacha hosildorlikni 52 sentnerga yetkazdik, – deydi Oqoltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov. – Tumanimizdagi «Avazbek Hojiakbar Zilola» fermer xoʻjaligi 133 tonna oʻrniga davlatga 143 tonna, «Humo» fermer xoʻjaligi 200 oʻrniga 228 tonna, «Oppogʻoy» fermer xoʻjaligi 150 oʻrniga 160 tonna, «Kaltatoy» fermer xoʻjaligi 105 oʻrniga 119 tonna, «Oqoltin asil chorva» fermer xoʻjaligi 72 oʻrniga 109 tonna sara don yetkazib berib davlatga don sotish rejalarini 115-125 foizga ortigʻi bilan uddaladi.

Tantanali marosimga respublika poytaxtidan tashrif buyurgan taniqli sanʼatkorlar va viloyatning iqtidorli yoshlari ijrosidagi katta konsert dasturi bayram ishtirokchilariga koʻtarinki ruh va xush kayfiyat bagʻishladi.

Sirdaryolik gʻallakorlarning mehnat zafariga bagʻishlangan bayram tadbirda viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev soʻzga chiqdi.


OʻzA