Asosiy menu

Mavsumga qizg‘in taraddud

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham g‘alla o‘rim-yig‘imiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Tumanlarda mavsum tayyorgarligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilmoqda.

Joriy yilda 53 ming gektar maydonda dehqonchilik qilayotgan qoraqalpog‘istonlik g‘allakorlar 85 ming 300 tonnalik xirmon yaratishni rejalashtirgan. Ayni paytda hosil o‘rim-yig‘im mavsumiga texnika va o‘rim kombaynlarini shay holatga keltirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

To‘rtko‘l tumanida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi, Ichki ishlar vazirliklari, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari, fermer xo‘jaliklari, muqobil mashina-traktor parklari rahbarlari, mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda hosilni qisqa muddatda sifatli va isrofgarchiliklarsiz o‘rib-yig‘ib olish muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi. Bug‘doyzorlarni o‘roqqa tayyorlash, hosilni nest-nobud qilmay o‘rib-yanchib olish, tashish va saqlash bilan bog‘liq qoidalarga qat’iy rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Transport vositalarining texnik tayyorgarligi ko‘rikdan o‘tkazildi.

Joriy yilda tuman fermerlari 3 ming gektar yerda mintaqa iqlim sharoitiga mos “Krasnodar”, “Yaksart”, “Grom”, “Gratsiya” kabi serhosil bug‘doy navlarini parvarishlamoqda. G‘alla o‘rim-yig‘im ishlari 6 otryadga biriktirilgan 15 zamonaviy kombayn va 30 dan ortiq tashuv mashinalari yordamida amalga oshiriladi. Texnikalar birlamchi o‘t o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lib, yong‘inning oldini olish bo‘yicha zarur yo‘riqnomalar tarqatilgan.

Kegeyli tumanida ham 168 fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming 335 gektar maydonda yetishtirilayotgan bug‘doy hosilini nobud qilmay yig‘ishtirib olish uchun texnika va mexanizmlar shay holga keltirib qo‘yildi.

“Kegeyliagrotexservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda mavsumga tayyorgarlikning borishi, fermerlar oldida turgan vazifalar muhokama etildi. O‘rim-yig‘im ishlarini sifatli amalga oshirish uchun 12 zamonaviy kombayn va 35 tashuv texnikasi taxt qilib qo‘yildi. Mavsum davomida yonilg‘i-moylash materiallari ta’minoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish, yong‘inning oldini olish, hosilni tashish va saqlashda nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlari ko‘rildi.

Bunday ko‘rgazmali seminarlar boshqa tumanlarda ham o‘tkazilmoqda.

UzA