Asosiy menu

Qoraqalpog‘istonlik dehqonlar kuzgi bug‘doy ekish ishlarini boshladi

Keskin iqlim sharoitida g‘alla yetishtirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratgan qoraqalpog‘istonlik dehqonlar kelgusi yil hosili uchun kuzgi bug‘doy ekish ishlarini boshladi.

Yil sayin g‘alladan yuqori hosil olayotgan Amudaryo tumani mirishkorlarining ham qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Hududdagi 375 fermer xo‘jaligi tomonidan 2 ming 700 gektardan ortiq yerga “Yaksart”, 300 gektarga yaqin maydonga “Krasnodar-99” kabi bug‘doyning serhosil navlarini ekishga hozirlik ko‘rilmoqda.

Tumanning “Amu sohili” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, fermerlar, ularga xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar rahbarlari ishtirokida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. G‘allakorlar oldida turgan muhim vazifalar – yerni ekishga tayyorlash, urug‘ sepish, sug‘orish va oziqlantirish ishlarining o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilishi, unib chiqqan maysani qish mavsumidan beziyon olib chiqish yuqori hosildorlikka erishishning muhim omili ekani ta’kidlandi.

Shunday tadbir Beruniy tumanining “O‘rozimbetov Ne’matjon” fermer xo‘jaligida ham bo‘lib o‘tdi. Unda bug‘doyni parvarishlash va hosildorlikni yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi.

– Hosildan bo‘shagan maydonlar chuqur shudgorlanib, dam berildi. Keyin zamonaviy lazer uskunalari yordamida tekislanib, urug‘ sepishga taxt holga keltirildi, – deydi “O‘rozimbetov Ne’matjon” fermer xo‘jaligi rahbari Ne’matjon O‘rozimbetov. – Urug‘ning tekis unib chiqishida sug‘orish va oziqlantirish tadbirlarini agrotexnika talablari asosida olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tumandagi 284 fermer xo‘jaligining 3 ming gektar yeriga kuzgi bug‘doy ekish rejalashtirilgan. Bu yumushlarga 150 dan ziyod yuqori unumli texnika jalb qilingan.

Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida ham kuzgi bug‘doy ekish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev so‘zga chiqdi.

UzA