Asosiy menu

Poytaxtimizda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalar ochildi

“O‘zekspomarkaz”da qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda texnologiyalarining “Food Week Uzbekistan – 2016” va “Agri Tek Uzbekistan – 2016” xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmalari boshlandi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermerlar kengashi hamda “Expo Position” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari bilan birga Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Italiya, Germaniya kabi o‘ndan ortiq mamlakatdan ellikka yaqin kompaniya o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmalarning ochilishida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni kengaytirish, fermerlik harakatini va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida aholi jon boshiga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari – g‘alla, go‘sht, sut, tuxum va meva-sabzavotlarning miqdori va qayta ishlash hajmlari keskin oshgani ta’kidlandi. Natijada barcha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari mamlakatimizda ishlab chiqarilib, oziq-ovqat mustaqilligi va xavfsizligiga erishildi.

Bugungi kunda yaratilgan qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti oziq-ovqat sanoati rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Iqtisodiyotimizga jalb etilayotgan investitsiyalarning asosiy qismi ishlab chiqarish ob’ektlarini qurish, ularni eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlashga yo‘naltirilmoqda. Natijada ishlab chiqarish sub’ektlari soni 9 mingtadan oshdi.

Soha korxonalari Avstriya, Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Xitoy kabi 20 dan ziyod xorijiy mamlakatning eng zamonaviy texnologik uskunalari bilan jihozlangan. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlarimiz dunyoning 80 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. Misol uchun, oxirgi 10 yilda meva sharbatlari eksporti 2 barobar, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksporti o‘rtacha 1,5 barobar ko‘paydi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi korxonalar tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 2 trillion 177,4 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 3,1 milliard so‘mlik yangi turdagi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtirildi. 2020 yilga qadar 596 million dollarlik 180 yirik loyiha foydalanishga topshiriladi. Bunda asosiy e’tibor meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan loyihalarga qaratilgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari va soha uchun uskunalar, o‘rash va qadoqlash texnologiyalari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun alohida bo‘limlardan iborat mazkur ko‘rgazmalarda ishtirok etayotgan tadbirkorlarning aksariyati tegishli kompaniyalar mutaxassislari bilan o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolamoqda.

– Biz O‘zbekiston bozorida so‘nggi o‘n yilda faol ishtirok etayotirmiz, – deydi Ozarbayjonning “Azersun” kompaniyasi vakili Elmar Mustafoyev. – Korxonamiz ko‘p tarmoqli bo‘lib, choy, zaytun moyi, turli konserva mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

– Bugungi ko‘rgazmalarda chorva va parrandalar uchun yem ishlab chiqarishda qo‘l keluvchi uskunalarni taklif etayotirmiz, – deydi Germaniyaning “K.H.Witte Anlagenbau Gmbh & Co.KG” kompaniyasining MDH bo‘yicha mintaqaviy menejeri Aleksandr Vagner. – O‘zbekistondagi hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida yaqinda Samarqandda filialimizni ishga tushirdik. Bu yerda uskunalar ishlab chiqarish bilan bir qatorda yem mahsulotlari ham tayyorlanmoqda. Xorazmda ham yangi loyiha boshlash niyatidamiz.

Ko‘rgazmaning oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati bo‘limida tayyor mahsulotlar bilan birga, xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan texnologiyalar, zamonaviy jihozlar taqdim etilgan. Ovqatlanish sanoati uchun zarur jihozlarni yurtimizdagi bir necha kompaniyalar namoyish etayotir. “Fibber” kompaniyasi qirqqa yaqin turdagi qandolat mahsulotlarini, “Fayzizoda Foods” korxonasi bir necha turdagi chipsilarni, “G‘ulomxo‘ja asalchiligi” fermer xo‘jaligi o‘ndan ziyod turdagi asal mahsulotlarini taklif etmoqda.

Taklif etilayotgan texnologiyalarning aksariyatida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» yorlig‘i bitilgan. Ko‘rgazmalarda mahalliy texnologiyalar turi, sifati va salmog‘i sezilarli darajada oshgan.

“Food Week Uzbekistan – 2016” hamda “Agri Tek Uzbekistan – 2016” xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmalari mamlakatimizdagi fermerlar va ishbilarmonlar bilan ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy texnika va texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish, kichik korxonalar faoliyatini rivojlantirish, oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati korxonalari faoliyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

UzA