Asosiy menu

Don mahsulotlariga boʻlgan talab qondirilmoqda

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi matbuot anjumani oʻtkazdi. Unda mamlakat aholisining un, qolipli non va makaron mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashdagi dolzarb masalalar muhokama etildi.

“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi davlat ehtiyojlari uchun don va urugʻlik xarid qilish, ularni joylashtirish va saqlashni taʼminlash ishlari bilan shugʻullanib keladi. Kompaniya, shuningdek, don mahsulotlari tarmogʻi korxonalarining don yetishtiruvchi xoʻjaliklar bilan oʻzaro munosabatlar mexanizmlari – donni qabul qilish, hisobga olish masalalarini takomillashtirish, don sifatini nazorat qilish va uni xolisona baholash tizimini yaratishda ham masʼuldir.

Tadbirda mazkur jarayon kompaniya tizimidagi 44 korxona va ushbu korxonalarning 25 filiali, un ishlab chiqaruvchi tegirmon, non, makaron va omixta yem, yorma sexlarida amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Tizimdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar oʻtgan yilga nisbatan tahlil qilinganda, 2018-yilning mos davrida 107,7 foiz oʻsishga erishilgan.

Ishlab chiqarilgan unning asosiy qismi, yaʼni 40 foizga yaqini “Ohangaron don” va “Toshkentdonmahsulotlari”, “Gʻalla Alteg”, “Shoʻrchi don mahsulotlari”, “Jomboy don mahsulotlari” va “Dunyo M” aksiyadorlik jamiyatlari korxonlari hissasiga toʻgʻri kelgan. Non mahsulotlari esa “Fargʻonadonmahsulotlari”, “Navoiydonmahsulotlari”, “Namangandonmahsulotlari”, “Surxondaryodonmahsulotlari” hamda “Jomboy don mahsulotlari”korxonalarida eng koʻp tayyorlanadi.

Ichki isteʼmol bozoriga kompaniya korxonalari tomonidan joriy yilning sakkiz oyi davomida 962,3 ming tonna un, 601,3 ming tonna yem, 40 ming tonna non va 18,8 ming tonna makaron mahsulotlari yetkazib berildi.

Soʻnggi besh yil “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi uchun samarali boʻldi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash hamda yangi quvvatlarni ishga tushirish boʻyicha bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilib, zamonaviy tejamkor texnologik uskunalar oʻrnatildi. Non, makaron, yorma, qandolat, qop sexlari, muzlatgichli ombor Rossiya, Germaniya, Ukraina, JanubiyKoreya, Tayvan va Italiyaning zamonaviy texnologiyalari asosida yangidan qurildi. Tegirmon, omixta yem, urugʻlik sexlari zamonaviy texnologik uskunalar asosida qayta jihozlandi. Amalga oshirilgan 80,9 million dollarlik 103 investitsiya loyihasining 61 tasi yangi quvvatlar va 42 tasi modernizatsiya jarayonlaridir.

Sohada sifatli xizmat koʻrsatish bilan bir qatorda xalqimiz turmush darajasini yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini yaratish evaziga aholi bandligini taʼminlash masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Oʻtgan yilda jami 747 ish oʻrni yaratildi. Bandlikni taʼminlash dasturiga asosan, joriy yilda jami 612 ish oʻrni yaratish belgilangan. Yanvar-avgust oylarida tizimda 546 yangi ish oʻrni yaratishga erishildi. Shuning 473 tasi kasanachilik va 73 tasi yangi korxonalar hisobiga yaratilgan ish oʻrinlaridir. Ahamiyatlisi, kasanachilik ish oʻrinlari nogironligi boʻlgan va mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan xotin-qizlarga 300 dan ortiq tikuv mashinasi olib berish hisobiga yaratildi.

UzA