Asosiy menu

Boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va yetishtirishning prognoz hajmlari belgilab berildi

Joriy yilning 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va boshoqli don yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi 775-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda tegishli Vazirlik idora va tashkilotlar, xususan, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga ham bir qator vazifalar yuklatildi. Jumladan, 2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirishning, kompaniya tarkibidagi don korxonalari tomonidan 2019 yil hosilidan boshoqli don ekinlari urug‘larini tayyorlash hajmlarining, O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi don korxonalari tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlanadigan yuqori sifatli boshoqli don ekinlari urug‘larini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga yetkazib berishning, prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlash vazifasi belgilandi.
Qarorda shuningdek, 2019 yil hosili uchun ekiladigan boshoqli don ekinlarining urug‘larini yetarli miqdorda nav va avlodlari bo‘yicha tozalash, saralash, dorilash, qoplash hamda sertifikatlashtirish vazifasi “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi zimmasiga yuklatildi. Bundan tashqari, ekish uchun sug‘oriladigan maydonlarga birinchi va ikkinchi reproduksiyali, lalmi yerlarga esa uchinchi reproduksiyadan kam bo‘lmagan urug‘lik donni ishlatish hamda boshoqli don yetishturuvchilar mazkur qaror bilan tasdiqlangan boshoqli don ekinlari navlarining joylashtirilishiga qat’iy amal qilish kiritilgan.
Kompaniya tomonidan joriy yilning 10 oktyabr sanasiga qadar don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti hamda boshoqli don ekinlari urug‘larini yetishtiruvchi elita urug‘chilik xo‘jaliklari talablaridan kelib chiqqan holda xorijiy ilmiy muassasalardan 5 ming tonna yuqori navli urug‘lik don keltirish vazifasi belgilab berildi.
Bugungi kunda kompaniya mutaxassislari tomonidan mazkur qaror ijrosini sifatli bajarish yuzasidan amaliy harakatlar olib borilmoqda.

Axborot xizmati.