Asosiy menu

Gʻallachilikda islohotlarning yangi bosqichi


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi «Boshoqli don yetishtirishni yanada ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori gʻallachilikdagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba kafolatlangan xarid narxlari oʻtgan yillarga nisbatan oʻrtacha 60 foizga oshirildi. Bu esa gʻalla yetishtiruvchi fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirishga, ularning iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritishini taʼminlashga qaratilgandir.

Qarorning yana bir muhim jihati shundan iboratki, boshoqli don yetishtirishga sarflanadigan xarajatlar uchun 100 foiz miqdorida davlat byudjetidan imtiyozli kredit ajratish belgilandi. Shu paytga qadar gʻalla yetishtirishda mahsulot qiymatining 60 foizi miqdorida kredit ajratilib, sarflangan moddiy-texnik resurslarga oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlovlar amalga oshirilmasdan oʻzaro qarzdorliklar paydo boʻlishiga, bu esa agrotexnik tadbirlarning sifatsiz yoki oʻz vaqtida oʻtkazilmasligiga olib kelgan.

Yana bir yangilik – yetishtirilgan gʻalla hosildorligiga bogʻliq holda xarid narxlarini oshirib borish yoki kamaytirish mexanizmi belgilanganidir. Ushbu tizim fermer xoʻjaliklari tomonidan yer va suvdan oqilona foydalanish hamda sarflanayotgan resurslar (mineral oʻgʻit, yonilgʻi-moylash mahsulotlari, texnika va boshqalar) samaradorligini oshirish orqali yuqori hosil olishga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantiradi. Maʼlumki, shu paytgacha respublikamizda yetishtirilgan jami gʻalla hajmining aniq hisob-kitobini yuritish tizimi mavjud boʻlmasdan, shartnoma boʻyicha sotilgan gʻallani 2 barobarga oshirgan holda, «shartnomadan ortiqcha qismi fermerning oʻzida qoldi», deya asoslanmagan hisobotlar taqdim etib kelingan.

Qaror bilan qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan gʻalla yalpi hosili hajmi hisobini yuritish tartibini ishlab chiqish belgilanishi ham fermerda, ham davlat organlarida yetishtirilgan gʻalla hosili toʻgʻrisida aniq maʼlumotga ega boʻlish orqali eng muhim masala – oziq-ovqat zaxirasini toʻgʻri bashorat qilish imkonini beradi.

Taʼkidlangan huquqiy hujjatni «fermer tomonidan yetishtirilgan gʻalla hosili toʻligʻicha davlat xaridi uchun yetkazib beriladi», deb tushunish notoʻgʻri boʻladi. Fermer faqatgina kontraktatsiya shartnomasida belgilangan hajmdagi gʻallani davlat xaridi uchun sotadi. Qolgan qismidan oʻz istagiga koʻra foydalanadi. Bunda bir gektar maydondan olinadigan hosil qancha yuqori boʻlsa, sotish narxi ham shuncha oshadi. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish dasturi doirasida 2016-2018yillarda respublika boʻyicha 41 ming gektardan ziyod past hosilli gʻalla maydonlari qisqartirildi. Bugungi kunda sugʻoriladigan gʻalla maydonlari yuqori unumdorlikka ega boʻlib, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish hisobiga oʻrtacha har gektar yerdan 55-60 sentner, yuqori reproduksiyali urugʻlar ekilganda 100-110 sentnerdan hosil olish imkoniyati mavjudligi ilmiy asoslangan.

Albatta, tuproq unumdorligini oshirishga intilmagan, yaratib berilgan sharoit hamda imkoniyatlardan samarali foydalanmasdan, yuqori hosil olishni maqsad qilmagan fermerlarning faoliyati nafaqat yerga, balki xalqqa, Vatanga xiyonat sifatida baholanishi lozim. Fermerlar gʻalladan yuqori hosil olib, davlatimiz xirmonini, xalqimiz dasturxonini toʻldirish, oʻz daromadlarini oshirish va oziq-ovqat moʻl-koʻlligini taʼminlashga masʼul ekanliklarini aslo unutmasliklari lozim.



UzA