Asosiy menu

Qishloq xoʻjaligida belgilangan vazifalar ijrosi qay darajada?

Prezidentimizning joriy yildagi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlariga doir farmoyishi ijrosi yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyati boʻyicha axborot tinglandi.

Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda joriy yilda vazirlikning qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va ijro intizomining yuqori bosqichga olib chiqilishi taʼkidlab oʻtildi.

Vazirlik tomonidan agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari, kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma obyektlari, sovutkichli sigʻimlar bilan yetarli darajada taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hosildorligini oshirish, seleksiya ishlarini yaxshilash, xodimlarning malakasini oshirish kabi maqsadli vazifalar ijrosi belgilangan tartibda bajarilmoqda.

Joriy yilning bahor oylarida fermer xoʻjaliklarining asosiy maydonlariga rejaga nisbatan 85 foiz sabzavot va 67 foiz poliz ekilgan. Shuni inobatga olib, 2019 yilda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini tashkil qilish boʻyicha koʻplab tashabbuskorlar aniqlandi. Shu asosda kelgusida qiymati 71 milliard 680 million soʻmlik 13 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan tarmoq jadvallari ishlab chiqildi. Joriy yilda jami 95 ming 685 tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi olimlari va mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda tezpishar, serhosil, intensiv navlarni yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi.

– Ayni paytda ilmiy markazimiz va tizimdagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida jami 590 nafar ilmiy xodim faoliyat olib boradi, – deydi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Bahodir Xalikov. – Ilmiy markazimiz institutlarida gʻoʻzaning 18ta, sabzavot, poliz ekinlari, sholi va kartoshkaning 30dan ortiq yangi navi yaratilgan. Bugungi kunda seleksiya sohasiga jahon tajribasi yutuqlarini yanada kengroq joriy etish, qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi tezpishar, serhosil, intensiv navlarini yaratish muhimdir. Birgina Xitoy davlati Shinjon-Uygʻur avtonom hududining Qishloq xoʻjaligi universiteti bilan hamkorlikda Xitoy progressiv texnologiyalarini Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida joriy etish yuzasidan jami 70 gektar maydonda ilmiy tajriba amalga oshirildi. Natijada amaldagiga nisbatan 15,5 sentner qoʻshimcha hosil olindi. Hamkorlik doirasida 5 nafar ilmiy xodim Xitoy davlatida malaka oshirib qaytishdi.

Tadbirda deputatlar tomonidan milliy navlarning kam ishlatilayotgani va chetdan olib kelinayotgan urugʻlarning ommalashib ketganligi tanqid ostiga olindi. Qishloq hoʻjaligini yuqori sifatli urugʻliklar bilan taʼminlash va ularni ekishda toʻgʻri joylashtirish, aholini asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, ularni eksport qilishni kengaytirish, narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 



 OʻzA