"O`zdonmahsulot" AK

Navoiyda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida 103 ta kombayn ishlamoqda

Navoiy viloyatida 2021 yil uchun 855 ta g‘alla yetishtiruvchi xo‘jalik tomonidan 90 ming tonna hosil yig‘ishtirib olish maqsadida 38 ming 039 gektar yer maydoniga boshoqli don ekilgan edi. Shundan 2746 gektar maydonda urug‘lik g‘alla yig‘ib olinadi.

Ayni kunlarda boshoqli don ekilgan tumanlarda o‘rim-yig‘im ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Dastlab hududlarda boshoqli donlarni nest-nobud qilmasdan sifatli o‘rib olish va g‘allani don korxonalariga qabul qilishni talab darajasida tashkil etish maqsadida don qabul qilish shoxobchalarida tuzilgan otryadlar a’zolari hamda mutasaddilar ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Ularda mazkur jarayonni belgilangan tartibda, betalofot o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilda o‘rim mavsumiga 103 ta kombayn jalb etilgan bo‘lib, ularning texnik holati qat’iy nazoratga olingan. Shu bilan birga, viloyat bo‘yicha 103 ta otryad tashkil qilinib, yig‘im jarayoni uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Viloyatdagi 2 ta don korxonasi va ularga qarashli 6 ta don shoxobchasi to‘liq mavsumga tayyor holga keltirilgan. Viloyat bo‘yicha 8 ta don qabul qilish laboratoriyalari mavjud bo‘lib, shundan 6 tasi «Navoiydonmahsulotlari» AJ va 2 tasi «Qiziltepa un zavodi» va uning shoxobchalariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, «Navoiydonmahsulotlari» aksionerlik jamiyatida 2 ta urug‘chilik sexi mavjud. 1 urug‘lik sexiga 3 ming 69 tonna, ikkinchisiga 6 ming 431 tonna urug‘lik qabul qilinishi rejalashtirilgan.  

Ta’kidlash joizki, super elita navlarini qoplarda qabul qilish uchun alohida yopiq sig‘imlar tashkil etilgan. Shu bilan bir qatorda viloyatda ish olib borayotgan 9 ta don klasterida ham donni qabul qilish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur don klasterlarining avtomobil tarozi, laboratoriya, ochiq maydon, yopiq sig‘imlari tayyorgarligi shay holatga keltirilgan va mavsum so‘nggigacha belgilangan tartibda faoliyat olib boradi.

Joriy yilda Navbahor tumanida 8682 gektar maydonga don ekilgan bo‘lib, 19 888 tonna don yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Mavsumga 21 ta kombayn «O‘zagroinspeksiya» tuman bo‘limi inspektorlari sertifikati asosida qabul qilib olingan.  

– O‘tgan yili kuzda donning «Davr» va «Starshina» navidan ekkan edik, – deydi «Diyorbek Hamid kelajagi» fermer xo‘jaligi rahbari Umid Ahmedov. – Agro texnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazganligimiz bois qilingan mehnatimiz besamar ketmadi. Davlatga g‘alla sotish rejasini birinchilardan bo‘lib bajardik. Rejadagi 90,4 tonna o‘rniga 95 tonna g‘alla topshirdik. Har gektar yerdan 55 sentnerdan hosil olindi. Hali o‘rilmagan g‘allazorlarimiz bor. Ularning hisobiga hosildorlik yanada oshadi va daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi.

Qiziltepa tumanida esa joriy yil 10 ming 224 gektar maydonga boshoqli don ekilgan bo‘lib, shartnomaviy reja 23 ming 132 tonnani tashkil etadi. G‘alla o‘rim-yig‘im tadbiriga 30 ta kombayn safarbar etildi. G‘alla o‘rimining dastlabki kunlaridan O‘rta cho‘l zonasi hududida joylashgan «Mustaqillik-10», "Qurbon Latif", "Malikaxon qizi", "Navnihol O‘rtacho‘l", Yo‘ldosh ota-2000", «Valiobod», «Ahad bobo» kabi fermer xo‘jaliklari don topshirish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi.  

– O‘ttiz gektar maydonga donning «Davr» navidan ekkandik, – deydi «Ota kasb Qiziltepa» fermer xo‘jaligi raisi Rizo Jalolov. – Ikki kunda g‘allani o‘rib, klasterga 17,8, davlatga 66,4 tonna don topshirdim. «O‘zagroinspeksiya» tuman bo‘limi xodimlari doimiy tarzda kelib, don ekilishidan boshlab g‘alla o‘rilgunigacha bo‘lgan davrda tavsiya va ko‘rsatmalarini berib turdi.  

Ayni shu kunlarda qishning qahratoni, bahorning seryog‘in kunlariga qaramasdan mehnat qilgan g‘allakorlar bir lahza bo‘lsa-da, o‘rim-yig‘im ishlarini susaytirgani yo‘q. Ularning maqsadi aniq: dalalarda yetishtirilgan hosilning bir misqolini ham qoldirmasdan yig‘ishtirib olib, el dasturxoniga yetkazib berish. Ular yaxshi biladi, bugungi mashaqqatli mehnat ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz to‘kinligi uchun xizmat qiladi.  



uza.uz