"O`zdonmahsulot" AK

Farg‘onalik g‘allakorlar zafari

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli hayotbaxsh islohotlar amalga oshirilib, hayotiy tajribalar, ilmiy-amaliy, ilm-fan yutuqlari bilan o‘zaro uyg‘unlashtirilayotgani katta samara bermoqda.

Ayni jarayonda klaster korxonalari faoliyati tashkil etilib, paxta va g‘allachilik tarmoqlarida quvonarli yutuqlarga erishilyapti. Farg‘ona viloyati g‘allakorlari joriy dehqonchilik yilida mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib shartnoma rejasini bajarishga muvaffaq bo‘lishdi.    

2021 yilda 99,5 ming gektar maydonda o‘rtacha 70 sentnerdan, 687,1 ming tonna g‘alla yetishtirish rejalashtirilgan. G‘alla yetishtirish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olinib, hosil to‘liq 26 ta g‘allachilik klasterlari tomonidan yetishtirildi.
G‘alla yetishtirishni klaster usulida tashkil etish o‘zining yuqori samarasini berdi. Natijada klaster korxonalari va g‘allakorlar hosildorlikni o‘rtacha 10-15 sentnerga oshishini ta’minladilar. Eng asosiysi, g‘alla yetishtirish borasida sohaga ilm va innovatsiya kirib keldi.
G‘allachilik klasterlari agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini faol jalb etdilar. Shuningdek, respublikamizdagi 3 ta  va Rossiya Federatsiyasining «Krasnodar» ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

2021 yilda g‘allachilik klasterlari tomonidan 38,6 milliard so‘m bo‘lgan 2 ta donni qayta ishlash, un va un mahsulotlari, omixta yem ishlab chiqarish maqsadida investitsiya loyihalari ishga tushirildi hamda 150 ming tonna don saqlash sig‘imlari tashkil etildi.

Furqat tumanidagi «Nurafshon vodiy», Bag‘dod tumanida joylashgan «Majnuntol ifori», Uchko‘prik tumanidagi «Dehqonov Adham», Quva tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi «Tursuntosh Odina Shirmonoy» fermer xo‘jaliklari gektaridan 101,2 sentnerdan yuqori hosil oldi.

Dalalarimizda hosil mo‘l. Shu bois fermer va klaster korxonalari tomonidan 700 ming tonnadan ortiq don yetishtirish aniq hisob-kitob qilib olindi. Chunki hali g‘allasi o‘rilmagan 38 ming 400 gektar maydon asosan unumdor hududlarni tashkil etadi.

Ezgu tashabbubs doirasida Farg‘ona viloyatida g‘alladan bo‘shagan maydonlarni kam ta’minlangan oilalar, yoshlarga ajratib berish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Bu borada viloyat bo‘yicha 300 ming nafar murojaatchilarga 20 sotixdan 25 sotixgacha takroriy ekin uchun yer ajratib berilyapti.

Takroriy ekin ekayotgan oilalarga 23 ta g‘allachilik hamda 20 ta meva-sabzavotchilik klasterlari, 18 ta eksportyor korxonalar va 14 ta «Tomorqa xizmati» MCHJ korxonalari tomonidan urug‘lik, mineral o‘g‘itlar yetkazib berilmoqda.

bugungi kungacha 28,7 ming gektar maydonlar takroriy ekin ekishga tayyorlab, 157,4 ming nafar aholiga ajratildi.








uza.uz