"O`zdonmahsulot" AK

Oʻtgan yilga nisbatan 2,4 marta koʻp imtiyozli kreditlar ajratildi

Bu haqida Prezidentimiz Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlariga yoʻllagan tabrigida aytib oʻtdi. Turli sohalarda boʻlgani kabi agrar tarmoqda ham dasturlar, «yoʻl xarita»lari tayyorlanib, amaliyotga joriy etilmoqda.

Jumladan, dehqon va fermerlar, dala ishchilari mehnatini munosib qadrlash va ragʻbatlantirish maqsadida davlat ehtiyoji uchun xarid qilinadigan paxta va gʻallani moliyalashtirish tartibi oʻzgartirildi.

Xususan, fermerlar oʻz mablagʻlarini mustaqil sarflash huquqiga ega boʻldi. Bu yilgi mavsumda gʻalla yetishtiradigan fermerlarga 1 trillion 33 milliard soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 142 foiz, paxtachilik xoʻjaliklariga esa 5 trillion 138 milliard soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 2,4 marta koʻp imtiyozli kreditlar ajratilgani soha rivojiga yuksak eʼtibor namunasidir.

Sohaga agroklaster tizimi joriy etilmoqda. Avvallari biz eʼtibor qilmagan zamonaviy issiqxonalar, baliqchilik, asalarichilik, qizilmiya, zaʼfaron yetishtirish kabi yoʻnalishlar ommalashmoqda. Bu esa sohaga xorijiy investorlarni jalb qilishda istiqbolli tarmoqqa aylanmoqda.

UzA