"O`zdonmahsulot" AK

10 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Ulugʻ xalqning mangu qoʻshigʻi ona Vatanimizdan gʻururlanishga, uni sevishga, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga, bundanda yuksak choʻqqilarni zabt etishga undayveradi.

Davlat suverenitetining ramzi – madhiyamiz sadolari xalqimiz qalbida yuksak vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirmoqda.

1992 yil 10 dekabrda «Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilingan. Qonunga koʻra, Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi. Davlat madhiyasiga zoʻr ehtirom bilan qarash Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir. 2010 yil 24 dekabrda mazkur qonunga kiritilgan oʻzgartishga koʻra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda boʻlib turgan boshqa shaxslar madhiyamizni hurmat qilishi shart.

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov sheʼri, Oʻzbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda musaffo osmonimiz, baxtli va farovon hayotimiz, xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorugʻ umidi va mustahkam ishonchi teran ifodalangan.

Milliy madhiyamiz muazzam sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chogʻida, Oʻzbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda oʻtayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va doʻstlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga koʻtarilgan paytida baralla yangramoqda.

2016 yilda madhiyamiz musiqasi muallifi – Oʻzbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. 2017 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan davlatimiz madhiyasi matnini bitgan atoqli shoirimiz, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomini abadiylashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi.

Davlat suverenitetining ramzi – madhiyamiz sadolari xalqimiz qalbida yuksak vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirmoqda.

Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Ha, ulugʻ xalqning mangu ushbu qoʻshigʻi ona Vatanimizdan gʻururlanishga, uni sevishga, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga, bundanda yuksak choʻqqilarni zabt etishga undayveradi.

UzA