"O`zdonmahsulot" AK

O‘zbekiston telefon tarmog‘ida yangi tizimga o‘tilmoqda

10 sentyabrdan boshlab kimgadir telefon qilmoqchi bo‘lsangiz 7 ta emas 9 ta raqamni terishingizga to‘g‘ri keladi. Gap shundaki, O‘zbekiston telefon tarmog‘ida 9 talik raqamlash tizimiga o‘tish bo‘yicha ishlar amalga oshirila boshlandi. Bunda hudud yoki mobil operator kodini terish shart. Avvalroq 9 raqamli raqamlash tizimiga o‘tish to‘g‘risidagi qaror shaharlararo raqamlarni terish jarayonini soddalashtirish uchun qabul qilingani ma’lum qilingan edi. Nima sababdan bu o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda? O‘zbekiston respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati rahbari Elbek Dolimov bu telekommunikatsiya tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarning davomi ekanligini qayd etdi:

– Mamlakatimizda telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlanishi bilan tizimni kengaytirish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Raqamlarni kengaytirishga O‘zbekistonda 10 yil avval o‘tila boshlangan. Biz o‘shanda 6 ta raqamdan foydalanar edik. Telefon tarmoqlarini raqamlashtirish boshlanganda esa 7 raqamlikka o‘tganmiz. Bu birinchi bosqich edi. Ikkinchi bosqichda xalqaro telefon so‘zlashuvlari yo‘nalishida kengaytirish amalga oshirildi. Ya’ni “8” raqami o‘rniga “0” raqami qo‘llanila boshlandi. Butun dunyoda mamlakatdan tashqariga qo‘ng‘iroq qilish uchun “0” raqami ishlatiladi. Ayni paytda biz uchinchi bosqichda turibmiz va 9 talik telefon raqamlariga o‘tyapmiz. Shu tariqa shaharlararo qo‘ng‘iroqlar tushunchasi iste’moldan chiqadi. Ya’ni O‘zbekistonning barcha shaharlariga bir xil narxda qo‘ng‘iroq qila olasiz. Misol uchun, oldin simli aloqa orqali Toshkentdan Buxoroga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lsangiz shaharlararo to‘lovni amalga oshirar edingiz. Endi esa hududlararo qo‘ng‘iroqlarga yagona tarif rejasida to‘lash mumkin bo‘ladi.

Bunday tizimga o‘tish to‘g‘risida qaror Xalqaro elektr aloqa uyushmasining tavsiyalari hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlari raqamlari tizimi va rejasi“ talablariga muvofiq qabul qilingan.

– Hozirda 5 ta simli aloqa operatori faoliyat olib boradi, – deydi “O‘zbektelekom“ aksiyadorlik kompaniyasi Telekommunikatsiya tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Temur Mansurov. – 7 xonali raqamlardan 9 xonali raqamlarga o‘tish – davr talabi. Mobil aloqa operatorlarining raqamlar zaxirasi deyarli tugagandi, aloqa xizmatlariga bo‘lgan talab esa kundan-kunga ortib bormoqda. Ayni vaqtda O‘zbekiston respublikasida 22 millionga yaqin abonent bo‘lib, shuncha raqamdan foydalanib kelinmoqda. 9 raqamli tizimga o‘tgandan keyin har bir operatorda yana 10 million raqam berish imkoni yaratiladi. Ya’ni raqamlar tanqisligiga chek qo‘yiladi. Bunda tezkor qidiruv raqamlari 3 xonali (102,103, 104,), qisqa raqamlar 4 xonali (1005, 1055 kabi) tarzda, o‘z xolida qoladi. Provayderlar abonentlari (OOO “EAST TELEKOM”, OOO SP “BUZTON”, OOO SP “SARKOR TELEKOM” i OOO “ShARQ TELEKOM”) raqamlari uchun 78 kodi joriy etildi.

Aholiga bu o‘zgarishlar noqulaylik tug‘dirmasligi uchun foydalanuvchi qo‘ng‘iroqni noto‘g‘ri amalga oshirayotganda avtomatik ravishda ko‘rsatma berish yo‘lga qo‘yilgan. Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazining saytida barcha uyali va simli operatorlarning kodlarini izlash tizimi joylashtirildi. Bundan tashqari, ushbu markaz Telegramda operatorlar kodini topib beradigan botni ishga tushirgan. “Bu islohotlar telefon xizmatlarining umumiy narxlariga ta’sir ko‘rsatmaydimi?”, deb mas’ullardan so‘raganimizda, “Yo‘q!” degan javobni oldik.

Hozirda O‘zbekistonda 5 ta mobil aloqa operatorlari hamda 5 ta simli telefon aloqasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularni 9 xonali raqamli tizimiga o‘tkazish tasdiqlangan rejaga muvofiq, 20 kun davomida amalga oshiriladi.


UzA